Prezident Shavkat Mirziyoev 10 may kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chog`ida yoshlar ta`lim-tarbiyasi, ma`naviyat va ma`rifat masalalariga alohida e`tibor qaratdi.
Xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ilmiy merosini o`rganish, kitoblarni chop etish bo`yicha tavsiyalar berildi.
Bu bejiz emas. Shayx hazratlari nafaqat diniy, balki ma`rifiy, tarixiy, axloqiy, ijtimoiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Uning hikmatli asarlari, suhbatlari, televidenie va matbuotdagi chiqishlari yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari rus tiliga ham tarjima qilinib, chop etilgan. “Tafsir Xilal” (Qur`on karimning sharhi), “Xadis i Jizn”, “Iyman, Islam, Kur`an”, “Sunnitskie veroubejdeniya”, “Raznoglasiya: prichin i resheniya”, “Vasatya – put jizni”, “Schastlivaya semya”, “Otkrtoe poslanie”, “Istina o suti gadaniya”, “Zaem i svyazanne s nim vopros” kabi kitoblar shular jumlasidandir.


Shuningdek, olimning asarlari ingliz, qozoq, qirg`iz, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilingan. Yaqinda turk tiliga ham tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari keng ilmiy asosga ega bo`lib, qo`shni mamlakatlar, Rossiya va Evropada ham o`rganilmoqda.
Alloma juda qiyin va murakkab davrda O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo`lib, diniy qadriyat va an`analar qayta tiklanishiga katta hissa qo`shgan. Islom olamida ma`lum va mashhur bo`lgan “Adabul mufrad”, “Muxtasarul Viqoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid`at” kabi kitoblarni o`zbek tilida sharhlab, xalqimizga dinimizning asl arkonlarini etkazgan.


Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, ko`plab islom mamlakatlari bilan madaniy-ma`rifiy aloqalarni yo`lga qo`yish va rivojlantirishga erishgan.
O`sha davrda butun sobiq Ittifoq bo`yicha har yili bor-yo`g`i 20-30 kishi hajga borar edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning sa`y-harakatlari natijasida sho`ro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati o`zgarib, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar ko`paygan. 1990 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 500 nafar musulmon ilk bor Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq bo`ldi.


U kishining dunyo musulmonlari o`rtasidagi obro`-e`tibori juda baland edi. Bu ulug` vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari uyushmasining Ijroiya qo`mitasi a`zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a`zosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni, shuningdek, Rossiya, Liviya va boshqa davlatlarning ko`plab yuksak mukofotlariga sazovor bo`lgandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan islom dinining asl mohiyatini targ`ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning turli tillarda chop qilingan asarlari yosh avlod uchun ulkan tarbiya va ibrat manbai bo`lib xizmat qiladi.









