Endilikda kunning yorug` vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart.
O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 128-moddasiga (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo`lkalaridan yurgizishi, yo`l belgilari va yo`l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) ko`ra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo`lkalaridan yurgizishi, yo`l belgilari yoki yo`lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo`yilgan talablarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib o`tish, yo`nalishli transport vositalari to`xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o`tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo`lovchilarga loyqa sachratishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi (101 365 so`m).
Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (202 730 so`m), shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining uch baravari miqdorida (608 190 so`m), xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining to`rt baravari (810 920 so`m) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo`ladi.






