Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti majlislar zalida Respublikadagi 214 nafar og`ir turmushda yashayotgan, nogironligi bo`lgan xotin-qizlarga reabilitasiya vositalarini topshirish marosimi tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Z.Ibragimova hamda nukus shahar va tumanlar Xotin-qizlar qo`mitasi raislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida shahar va tumanlardan kelgan nogironligi bo`lgan xotin-qizlarning 75 nafariga nogironlar aravachasi, 72 nafariga eshitish moslamasi, 44 nafariga hassa, 15 nafariga qo`ltiq tayoq, 3 nafariga yurish moslamasi, 1 nafariga tirsakli hassa, 2 nafariga ko`zi ojizlar hassasi, 1 nafariga bo`yin karseti topshirildi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni ko`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF–5325-sonli Farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarga bo`lgan munosabatni yanada yangi bosqichga ko`tardi.

Mazkur Farmon xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ular bilan maqsadli ishlarni tashkil etish, oilalarda ma`naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog`lomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga to`sqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklarni hal etishga qaratilgan tarixiy hujjat bo`ldi.
Bu borada xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta`minlash, tadbirkorlik va kasbiy mahoratini oshirish, kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa nogironligi bo`lgan ayollarga alohida e`tibor qaratish, milliy va ma`naviy qadriyatlarimizga asoslangan holda oila munosabatlarini mustahkamlash borasidagi ishlar amalga oshirilayotganligini ta`kidlash lozim.
Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi bergan ma`lumotlarga ko`ra, joriy kungacha xotin-qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ayniqsa uy-joyga o`ta ehtiyojmand xotin-qizlar o`z vaqtida aniqlanib, ularning 128 nafariga O`zbekiston Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`lari hisobidan uy-joylarning boshlang`ich 25% badal pullari to`lab berildi.






