AsosiyJamiyat

Mashhur fokuschi Germaniyadan mashinada 11342 kilometr yo`l bosib 66 kunda Xivaga etib keldi

'Mashhur fokuschi Germaniyadan mashinada 11342 kilometr yo`l bosib 66 kunda Xivaga etib keldi'ning rasmi

2500 ming yildan ziyod tarixga ega Xiva shahri qiyofasi doimo mahalliy va xorijlik turistlarni o`ziga jalb qilgan. Ularni maftun etgan tarixiy obidalardan biri Ichan qal`a tarixiy-me`moriy majmuasidir. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qal`a darvozasi yaqinida uzoq yo`lga moslashtirilgan mashinasi oldida oilasi bilan ovqatlanib o`tirgan sayyohga ko`zimiz tushdi. Mashhur fokuschi Tobi Van Deisner turmush o`rtog`i va hali ikki yoshga to`lmagan o`g`li bilan Germaniyadan mashinada 11342 kilometr yo`l bosib 66 kunda O`zbekistonga etib kelgan. Ular Buyuk ipak yo`li bo`ylab sayohatni boshlashgan edi.

Sayyohlar10 oy ichida turli mamlakatlar va odamlarning yashash tarzi bilan tanishishni maqsad qilishgan. Ular 2019 yilning sentyabr oyigacha Xitoyning shimoliy qismidan janubigacha kesib o`tmoqchi. Keyin Laos, Tailand va Malayziyaga borib sayohatni yakunlaydi.

– O`zbekistonga etib kelganimizga to`rt kun bo`ldi. Yurtingizga o`ndan ortiq davlatdan o`tib, etib keldik. Bu mamlakatga kelish ko`p yillik orzuyim edi. Men yurtingiz haqida juda ko`p kitoblar o`qiganman. O`sha kitoblar orqali O`zbekiston haqida ko`p ma`lumotlarga ega bo`ldim va bu oilamizni vataningizga sayohat qilishga undadi. Turmush o`rtog`im bilan mamlakatingizdagi tarixiy obidalar, xalqingiz urf-odatlarini o`z ko`zimiz bilan ko`rishga oshiqdik. Xivaga kelishdan avval Nukusda bo`ldik. Nukus bilan Orol dengizi va hatto Xivaning ham tabiati, odamlari bir-biridan farq qilar ekan. Bu bizda katta taassurot qoldirdi. Bugun Buxoroga, keyin Samarqandga yo`l olamiz. Xivada bir oilani uchratdik. Ular bizga juda ko`p yordam berishdi. Sayohatimiz haqida batafsil ma`lumot polarsteps.com/sirmobi va shaxsiy veb-saytimda berib borilmoqda, – deydi Tobi Van Deisner.

    Boshqa yangiliklar