Professional boksda sakkizinchi jangini o`tkazgan Fazliddin G`oibnazarov ilk bora mag`lubiyatga uchradi.
Braziliyada bo`lib o`tgan Olimpiadaning oltin medali sovrindori kecha bo`ydor Maykl Foksga (63,5 kilogrammgacha vazn toifasi) qarshi ringga chiqdi va ochkolar bo`yicha mag`lubiyatga uchradi. Fazliddin jang boshlangani hamono raqibining bo`y borasidagi ustunligini yo`qqa chiqarish uchun masofani qisqartirishga urindi. Ammo bu urinish har doim ham muvaffaqiyatli chiqmadi.
Bir amallab yaqin masofaga kelib olganda esa raqibini qiyin ahvolga tushirib qo`ya oldi. Ikkinchi raundda Fazliddinning zarbalaridan so`ng Foks ringga qulashiga bir bahya qolgan edi, ammo u jangni davom ettira oldi va asta-sekinlik bilan tashabbusni o`z tomoniga og`dira oldi.
Fazliddin G`oibnazarov esa kerakli masofani ushlashda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Natijada 6 va 7-raundda raqibini ushlab turgani uchun undan ochko olib tashlandi. Jang 95-93 va ikki hakam bahosiga ko`ra 96-92 hisobida Maykl Foks foydasiga hal bo`ldi.
E`tiborli tomoni, Foks qishda xuddi shunday natija bilan boshqa o`zbek bokschisi — Shoxjahon Ergashevdan mag`lubiyatga uchragan edi. O`sha mag`lubiyat 20 ta jang o`tkazgan bokschi uchun hozircha yagona bo`lib turibdi.






