Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bog`iston ko`chasidagi uylar rejalashtirilgan loyihalar izchil amalga oshirilayotganiga yana bir misol. Prezident Shavkat Mirziyoev 2018 yil 21 dekabr kuni bu erga kelib, qurilish maketlari bilan tanishgan, zarur ko`rsatmalar bergan edi. Oradan besh oy o`tib, bu erda ulkan va zamonaviy mavze paydo bo`ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

9 qavatli 24 ta uy bunyod etilishi loyihalashtirilgan. Hozirda 10 ta uyda qurilish yakunlanib, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbariga uylarning qurilish texnologiyasi, sifati haqida ma`lumot berildi.

Uylar innovasion usullar asosida qurilgan bo`lib, devorlari qo`shimcha materiallar bilan qoplangan. Bu issiqlikni saqlash, energiyani tejash imkonini beradi. Isitish va sovitish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi.
Prezidentimiz bu uylarning sifati, energiyani tejashi xalqimizga ma`qulligi, shu tajriba asosida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham turar joylarni ko`paytirish zarurligini ta`kidladi.













