AsosiySiyosat

​Suzuk ota majmuasi chinakam bilim va tarbiya maskaniga aylandi

'​Suzuk ota majmuasi chinakam bilim va tarbiya maskaniga aylandi'ning rasmi

Chop etish

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 may kuni poytaxtimizdagi Suzuk ota majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident rasmiy saytida xabar berildi.

Yaqin-yaqingacha Suzuk ota ziyoratgohini ko`pchilik bilmas, maqbara va eski masjid zax tortib qolgan edi. Shavkat Mirziyoev 2017 yil 26 may kuni Suzuk ota majmuasida bo`lib, maqbara hamda masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. 2018 yil 9 fevralda qurilishning borishi bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar uchun uy-joylar barpo etish zarurligini ta`kidlagandi.

Bugun mazkur tashabbuslar to`la ro`yobga chiqdi. Maqbara va masjid qurilib, qariyb 8 gektarlik maydon obodonlashtirildi. Majmuaga kirish binosida muzey, kutubxona, mahalla idorasi va boshqa ob`ektlar joylashtirildi. Maqbaraning ikki tomonida hunarmandlar uchun har biri 4,5 sotixli o`ttizta kottej barpo etildi.

Bugungi tashrif chog`ida Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Maqbara ziyorat etilib, Qur`on tilovat qilindi.

Shu erda diniy ulamolar, nuroniylar bilan suhbat bo`lib o`tdi. Davlatimiz rahbari ularni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, yangilangan majmuaning shunday ulug` ayyom kunlarda ochilishi xayrli ekanini ta`kidladi.

- Boshqa davlatlar yo`q tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga to`liq etkazib berolmadik.

O`zligimizni anglash nuqtai nazaridan shunday joylarga e`tibor bersak, bunga hamma e`tibor qaratadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Ma`lumki, Suzuk ota o`ymakor usta bo`lgan. Bugun uning qadamjosi atrofida hunarmandchilik uylari tashkil etilgani chuqur mazmun-mohiyat kasb etdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va do`kon uchun ajratilgan. Bu o`ziga xos hunarmandchilik markazi bo`lib, majmua bilan birga noyob turizm maskaniga aylanadi.

Prezidentimiz ushbu uylarni, yog`och qirmachilik va xattotlik ustaxonalarini kirib ko`rdi.

- Hunarmandchilik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham o`zini boqadi, ham boshqalarni ish bilan ta`minlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli bo`ladi, o`z tadbirkorligini ochib, daromad topadi, - dedi davlatimiz rahbari.

    Boshqa yangiliklar