Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida mamlakatimizda uysiz, kam ta`minlangan, nogiron va boquvchisini yo`qotgan oilalar ham zamonaviy uy-joylarga ko`chib o`tib, baxtli hayot kechirmoqda.
Darhaqiqat, uy inson hayotining ajralmas bo`lagi. Xalqimiz uni Vatanga qiyoslab, har bir insonning o`z vatani, go`shasi bo`lsin, deya duo qiladi.
Qarshi shahridagi Kat mahallasida 20 nafar nogironligi bo`lgan, kam ta`minlangan fuqaroga 20 moslashtirilgan uy-joyning kaliti topshirilgani ham mazkur duoning amaldagi ifodasi bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Qarshi shahri “Naxshab” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi Dilnavoz Erkaeva yolg`iz ona. Saraton kasalligiga chalingani bois, 2-guruh nogironi. Shu kunga qadar u bir nafar farzandi bilan onasinikida 4 nafar voyaga etgan ukasi bilan jami 7 kishi bir xonali uyda yashab kelardi. Bugun uning uchun eng quvonchli kun. Endi uning o`z uyi bor.

– Xursandchiligim ichimga sig`maydi, – deydi Dilnavoz ko`zlariga yosh olib. – Hatto o`zimni sog`lom insonlardek his qila boshladim. Keyingi paytlar juda tushkunlikka tushib qolgan edim. Bu uyning menga berilishi hayotimni butkul o`zgartirib yuborgandek go`yo. O`g`lim Aleksandr ham hursand. Endi u ham tengdoshlari oldida uyalmaydi. Boshini tik tutib yuradi. Buning ustiga bizga berilgan uyda hamma sharoit muhayyo ekan. Xuddi tush ko`rayotgandekman, hozir.
Ma`lumot o`rnida aytish joizki, 2017-2018 yillarda viloyatda 428 nafar nogironligi bo`lgan kam ta`minlangan fuqaroni imtiyozli uy-joy bilan ta`minlash, yashab turgan uylarini ta`mirlab berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish reja dasturi ishlab chiqilgan. Unga ko`ra, 2017-2018 yillar davomida 122 nafar fuqaroning uy-joy olishi uchun boshlang`ich to`lov mablag`lari to`lab berilgan. 132 nafar o`ta og`ir turmush sharoitidagi nogironlarga bepul moslashtirilgan uylar qurib topshirilgan. 121 nafarining yashash uy-joylari ta`mirlangan. 15 nafariga esa o`zlari yashab turgan er uchastkalaridan uy-joy qurib berilgan. 38 nafariga mahalliy hokimliklar tomonidan arzon uy-joylar ajratilgan.
Bu kabi ezgu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, shahar va tuman uy-joy komissiyalari tomonidan 285 nafar nogironligi bo`lgan, kam ta`minlangan fuqarolar ro`yxati shakllantirilib, ularning arzon uy-joy olishi uchun boshlang`ich badal to`lovlarini to`lab berish bo`yicha reja dastur ishlab chiqilgan.
Qarshi shahar “Qarliqbog`ot” mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi Lobar Usmonova ham turmush o`rtog`i vafotidan so`ng uch nafar yosh farzandi bilan qiynalib qoldi. U qaynotasinikida jami 4 ta oila bir xonadonda yashab kelardi. Ikkita o`g`li endigina maktabga bora boshlagan. Kenjasiga hali ona tarbiyasi zarur. Shu bois u ishlash imkonidan mahrum. Uy-joy masalasidagi oilaviy tortishuvlar so`nggi paytlarda uni juda charchatgan edi. Mutasaddilar unga ham uy ajratganini eshitib, benihoya quvondi.

– Bugun men uchun eng baxtiyor kun, – deydi Lobar Usmonova. – Ayniqsa, farzandlarim juda hursand. Nasib etsa, bu uyda yangi hayot boshlayman. Biz kabi ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olganlardan bag`oyat minnatdormiz. Ilgarilari ham bu masala bo`yicha ko`p bora murojaat qilganman, lekin hech natija bo`lmagan. Mana, haqiqat bor ekan. Nihoyat bizning ahvolimiz o`rganilib, uy ajratildi. Bu hayotimizni, fikrimizni o`zgartirdi. Hayotga mehrim oshdi. Bizga ko`rsatilgan bu e`tiborni, albatta, oqlaymiz. Endi imkonim boricha harakat qilaman. Yonimizdagi tikuvchilik sexida ishlab baxtli hayot kechiraman.
Darhaqiqat, tadbir doirasida yangi xonadonlarga ega bo`lgan fuqarolar ishlab, mehnat qilishlari uchun tikuvchilik va mebel sexi faoliyati ham yo`lga qo`yildi. Endilikda ular mana shu sexlarda ishlab, oilasi farovonligini ta`minlaydi.
Shuningdek, tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan uyga ega bo`lgan oilalarning 35 nafar farzandiga o`quv-qurollari va boshqa qimmatbaho sovg`alar ham berildi.
Uy topshirish marosimi katta shodiyona, bayramga aylandi. Yuzida hayotdan mamnunlik hissi barq etib turgan yangi xonadon egalarining quvonchi go`yo olamni tutadi. Taniqli san`atkorlar ijrosidagi kuy-qo`shiqlar tadbirga o`zgacha shukuh bag`ishladi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro`ziev hamda Prezident maslahatchisi birinchi o`rinbosari U.Muhammadievlar so`zga chiqdi.






