Bugun dunyo bilan tenglashayotgan aloqa xodimlarining kasb bayrami. Navoiy shahridagi «Yoshlar» markazida viloyat hokimligi rahbarligida tashkil etilgan tantanali bayram tadbiriga viloyatdagi 400 dan ortiq aloqa xodimlari to`plandi.
Bayram tadbirida Navoiy viloyati hokimi, senator Qobuljon Tursunov fidoiy kasb egalarini bayram bilan samimiy qutladi va «O`zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi Navoiy filiali xodimlaridan 7 nafari viloyat hokimining Faxriy yorlig`i hamda esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi. Ular orasida Salohiddin Xadjamov, Quvandiq Bisenbaev, Ixtiyor Jumaev, Hayit Jo`raev, Olimjon Boymatov, Dadaxon Raimov, G`ayrat Ergashev kabi o`z kasbining fidoiylari bor.
Mamlakatimizda internetga keng polosali ulanish, WI-FI, WI-MAX, 3G va 4G aloqasi kabi yangi aloqa texnologiyalari, shuningdek operativlikni oshirish, axborot almashuvini yanada rivojlantirish uchun elektron hujjat aylanish tizimi videokonferensaloqa va boshqa texnik vositalar keng joriy qilinmoqda. -Viloyatimiz bo`yicha optik tolali aloqa liniyalarning umumiy uzunligi 2019 yil 1-chorakda 515,3 km.ni tashkil etdi.
2019 yil davomida viloyatimizdagi umumta`lim maktablari, maktabgacha ta`lim muassasalari hamda sog`liqni saqlash ob`ektlariga qadar 130 km.dan ortiq optik tolali aloqa kabeli tortilib, zamonaviy texnologiya asosida xizmat ko`rsatib kelinmoqda.






