Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyati faollari ishtirokidagi yig`ilishda aholini ish bilan ta`minlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasida o`z biznesini boshlamoqchi bo`lgan oilalarni aniqlab, ikki-uch oy ichida ularga jami 486 milliard so`m miqdoridagi imtiyozli kreditlarni to`liq ajratish zarurligini ta`kidladi.
Farg`ona – mohir hunarmandlar, usta dehqonlar yurti. Bu erning ko`nchilik, bog`dorchilik an`analari – tayyor brend.
Bundan foydalanib, viloyatda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha qo`shimcha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, «Charm-attorlik markazi»ni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, Quva tumanida 2 ming gektarda anorchilik, Quvasoy shahrida 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishi ma`lum qilindi. Ushbu klasterlar o`zlari meva etishtirish bilan birga aholidan ham sotib oladi. Buning uchun xonadonlarga 15 million dona uzum, 10 million dona gilos va 5 million dona anor ko`chatlari etkazib beriladi. Bu ham aholi daromadlarini, ham viloyat eksport salohiyatini oshiradi.
Yaqin yillarda Oltiariq tumanini to`liq uzum etishtirishga ixtisoslashtirish, ilmiy tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining tavsiyalari asosida bog` va tok qator oralarida bozorbop sabzavotlar etishtirish rejalashtirilgani ta`kidlandi.






