AsosiyJamiyat

Qudratli texnikalar bellashuvi yakunlandi. G`oliblar nomi ma`lum

'Qudratli texnikalar bellashuvi yakunlandi. G`oliblar nomi ma`lum'ning rasmi

Bugun, 5 may kuni “Chirchiq” poligonida “Xotira va Qadrlash kuni”ga bag`ishlangan va Mudofaa vazirligi miqyosida 5 kundan buyon o`tkazib kelinayotgan Tank biatloni musobaqasining final bosqichi yakuniga etdi.

Unda O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Toshkent viloyati hokimi o`rinbosari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda faxriylar kengashi vakillari va minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Tantanali marosimda so`zga chiqqan mudofaa vaziri mazkur bellashuv harbiy xizmatchilar o`rtasida musobaqadoshlik, o`zaro jipslik va hamjihatlik muhitini shakllantirish, ularning kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilishini aytib o`tdi. Shuningdek, yig`ilganlarni yaqinlashib kelayotgan “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan muborakbod etib, Tank biatloni musobaqasi ishtirokchilariga shiddatli bahslarda omad tiladi.

Shundan so`ng 1,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi yillaridagi va bugungi qurollanishda turgan zamonaviy harbiy texnika va 15 dan ziyod vertolyot ishtirokida bayramga bag`ishlab parad o`tkazildi.

Parad davomida desantchilar qariyb 2000 metr balandlikdan parashyut yordamida sakradi. E`tiborli jihati mazkur tadbirda harbiy xizmatchilarimiz birinchi bor “Malva aksioma” parashyutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi. Harbiy xizmatchilarning ko`rgazmali chiqishlarini 5 mingdan ziyod aholi kuzatib bordi. Ishtirokchilarning maroqli dam olishi uchun poligonda bayram sayli ham tashkil etildi.

Harbiy parad yakunlangach, tank biatloni musobaqasining so`nggi bellashuvi boshlandi. T-62, T-64 va T-72 tanklari “Qudratli texnikalar jangi”ni o`tkazishga mo`ljallangan va xalqaro standartlarga mos bo`lgan maxsus maydondan start oldi. Musobaqa ishtirokchilari sun`iy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qo`rg`on, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali ko`prik maketi va boshqa to`siqlardan iborat umumiy uzunligi 4200 metr bo`lgan masofani bosib o`tdi.

Otish mashqlarini bajarishda pushkalar uchun tezligi 1000 m/s dan kam bo`lmagan o`q-dorilardan foydalanildi. Musobaqa “Yakka tartibdagi (individual) poyga” tabiiy va sun`iy to`siqlari mavjud bo`lgan, jangovar yo`lakcha va otish uchun okop (maydoncha)lar bilan jihozlangan yo`nalish bo`yicha o`tkazildi.

Musobaqa yuksak saviyada o`tkazilishi va g`oliblarni odilona baholash maqsadida biatlonni malakali mutaxassislardan iborat hakamlar jamoasi kuzatib bordi. Nishonlarni urolmagan, belgilangan to`siqlarni bosib o`tishda xatolikka yo`l qo`ygan jamoalarga jarima aylanishlari va jarima vaqtlari belgilandi. Yakuniy hisob-kitoblarga ko`ra quyidagi jamolar g`oliblar qatoridan o`rin oldi.

T-62 tank ekipajlari orasida:

  • 1-o`rin — Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug;
  • 2-o`rin — Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug;
  • 3-o`rin — Shimoli-g`arbiy harbiy okrug.

T-64 (takomillashtirilgan) tank ekipajlari orasida:

  • 1-o`rin — Sharqiy-harbiy okrug ekipaji;
  • 2-o`rin — Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti;
  • 3-o`rin — Sharqiy-harbiy okrug.

T-72 tank ekipajlari orasida:

  • 1-o`rin — Toshkent harbiy okrugi ekipaji;
  • 2-o`rin — Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug;
  • 3-o`rin — Markaziy harbiy okrug.

G`olib va sovrindor jamoalar mudofaa vaziri tomonidan diplom va qimmatbaho sovg`alar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan byudjet engil avtotransport vositalariga imtiyozli ravishda kredit olish huquqini qo`lga kiritishdi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari birinchi marta 2019 yilda Xalqaro armiya o`yinlari (ArMI-2019) doirasida o`tkaziladigan eng nufuzli musobaqa – “Tank biatloni”da ishtirok etadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar