Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan “Toshkent-Jakarta-Toshkent” yo`nalishidagi ilk samolyot parvozi amalga oshirildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy saytida xabar berilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida O`zbekiston-Indoneziya o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri avia qatnovlarni yo`lga qo`yishga doir belgilangan vazifaning ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Transport vazirligi, “O`zbekiston havo yo`llari” MAK hamkorlikda bu borada tizimli ishlarni amalga oshirishdi.

Endilikda haftada 2 marta chorshanba va juma kunlari ushbu yo`nalishda qatnovlar amalga oshiriladi.

Yangi qatnovning amalga oshirilishi ikki tomon uchun ham teng manfaatli bo`lib, shu munosabat bilan bugun Jakartaning «Sukarno-Xatta» xalqaro aeroportida Toshkentdan ilk parvozni amalga oshirgan yo`lovchilarni tantanali kutib olish marosimi bo`lib o`tadi. Shuningdek, joriy yilning 2 may kuni Jakarta shahrida ikki mamlakat rasmiy doira vakillari, jumladan O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Transport vazirligi, ikki mamlakat turistik kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida turizm forumi tashkil etiladi.

Ushbu tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad O`zbekistonning sayyohlik salohiyatini Indoneziyada keng targ`ib etish, ikki davlat o`rtasida turizmni rivojlantirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb etish va O`zbekistonni dunyoning eng yirik ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida namoyon etishdan iboratdir.

Indoneziyada O`zbekiston turizm salohiyatini keng targ`ib etishga qaratilgan ishlar bugungi kunda jadal amalga oshirilmoqda. Qo`mita tomonidan Indoneziya televedeniyasining markaziy telekanallari muxbirlari, mashhur indoneziyalik olimlar, san`atkorlar va ko`p sonli o`quvchilarga ega blogerlarga mamlakatimizda info turlar tashkil qilinmoqda. O`z navbatida bu ishlarning amaliy natijasi sifatida Indoneziyadan O`zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2018 yilning shu davriga nisabatan joriy yilda 35.3% ga o`sgan.






