AsosiyJamiyat

“O`zbekiston” nashriyot-matbaa uyi “Gran-pri” sohibi bo`ldi

'“O`zbekiston” nashriyot-matbaa uyi “Gran-pri” sohibi bo`ldi'ning rasmi

Qozog`istonning Nursulton shahrida bo`lib o`tgan “Eurasian Book Fair-2019” IV xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan Muxtor Avezovning “Abay” nomli kitobi oliy mukofot – Gran-prini qo`lga kiritdi.

Agentlik tizimidagi “O`qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan Obiddin Mahmudovning “Farzandnoma” kitobi esa “Fan va innovasiya” nominasiyasida I darajali diplom bilan taqdirlandi. G`afur G`ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “O`zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotlariga ham Xalqaro ko`rgazma tashkilotchilarining maxsus diplomlari topshirildi.

24–27 aprel kunlari “Korme” ko`rgazmalar markazida o`tkazilgan Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasida Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarboyjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirg`iziston, O`zbekistondan jami 90 ta tashkilot ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni targ`ib etish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shug`ullanadigan tashkilotlarning o`zaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va matbaa sanoati tajribasini o`rganish, etakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to`plamini o`quvchilar va xaridorlarga etkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida O`zbekiston delegasiyasi Qozog`iston Respublikasining Milliy akademik kutubxonasiga tashrif buyurib, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, bir yarim million kitob fondiga ega kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Kutubxonaga o`zbek noshirlari tomonidan chop etilgan Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkin, Chingiz Aytmatov va boshqa adiblarning asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi sovg`a qilindi.

Qozog`istonlik yozuvchi Mergen Toqsanbay, Qozog`iston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoir Uluqbek Esdaulet, Qozog`iston Milliy Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Evroosiyo milliy universiteti rektori Erlan Siddiqov bilan muloqot davomida ikki mamlakat o`rtasidagi ijodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o`tamiz, 2018 yilda o`tkazilgan III Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasida ham “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Nursulton Nazarboevning “XXI asr arafasida” kitobi uchun Gran-pri mukofotini qo`lga kiritgan edi.

“O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar