AsosiyJamiyat

“Humo” muz saroyida ilk mashg`ulotlar bo`lib o`tmoqda

'  “Humo” muz saroyida ilk mashg`ulotlar bo`lib o`tmoqda'ning rasmi

Shu kunlarda Toshkent shahrining eng yirik sport majmuasida figurali uchish maktabi o`quvchilarining yangi saroydagi ilk o`quv mashg`ulotlari bo`lib o`tmoqda. Murabbiylar, yosh sportchilar hamda ularning ota-onalari bo`lajak chempionlar uchun yaratilgan bunday imkoniyatlardan juda xursand.

Figurali uchish bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiysi Elita Avanesyanning ta`kidlashicha bu ajoyib, jahon standartlariga javob beruvchi muz saroyining barpo etilishi bilan yosh sportchilarning o`ziga ishonchi yanada ortgan. Endi ularda katta musobaqalarni o`tkazishga, chet ellik mashhur sportchilar, murabbiylar va xalqaro hakamlarni taklif qilib, ular ishtirokida seminar mashg`ulotlar o`tkazishga imkon tug`ildi. Oldin figurali uchish maktabi qatnashchilari plastik muz ustida, aholi bilan gavjum ko`ngilochar majmualarda mashg`ulotlar o`tkazishgan bo`lsa ayni kunda haqiqiy muz arenasida tayyorgarlik ko`rish baxtiga muyassar bo`lishdi.

Sportchilar o`z yosh toifasiga ko`ra chet ellardagi musobaqalarda ham ishtirok etishmoqda. Bugungi kunda tayyorgarlik ko`rishga barcha shart-sharoit bor, shunday ekan bolalar yanada jiddiyroq shug`ullanib, yirik chempionatlarda qatnashishni o`z oldiga maqsad qilib qo`yishgan. Yaqinda Chimkentda musobaqalar bo`lib o`tadi. Shu bilan qishgi o`yinlar mavsumiga yakun yasaladi. Shu yilning avgust oyida esa yangi mavsum boshlanadi. Ya`ni o`smirlar o`rtasida jahon chempionatlari bo`lib o`tadi. Ayni kunlarda yosh sportchilarimiz niyatni katta qilib, yirik bellashuvlarga yo`llanma olish uchun tirishqoqlik bilan harakat qilishmoqda.

Shahrizoda Otabaeva

    Boshqa yangiliklar