Nepalda avtobus ishtirokidagi yo`l-transport hodisasi (YTH) natijasida 47 kishi halok bo`ldi. Bu haqda, 24 noyabr, dushanba kuni «RIA Novosti» xabar berdi.
Nepalning tog`li Jayarkote tumanidagi YTH 20 noyabr, payshanba kuni ro`y bergan. Haydovchi boshqaruvni yo`qotishi natijasida avtobus Beri daryosiga qulagan.
O`n nafar yo`lovchi qutqarib qolgan, dastlab 24 nafar kishi halok bo`lgani haqida xabar berilgan. Qurbonlar soni esa 23 noyabr, yakshanba kuni avtobusni qirg`oqqa olib chiqishganidan so`ng oshib ketgan.
Hududining asosiy qismini Himolay tog` tizmalari tashkil etuvchi Nepal davlati yo`llari Osiyodagi eng xavflilaridan biri hisoblanadi. Ham yo`l qoplamasining, ham transport vositalari holatining talab darajasida emasligi, shuningdek, noqulay ob-havo sharoiti mamlakatdagi ko`plab avariyalarga sabab bo`lmoqda.
Xususan, 1 noyabr kuni Nepalning Makvanpur okrugida ikki avtobus ishtirokida yo`l-transpot hodisasi sodir bo`lgan, natijada 14 kishi halok bo`lib, 20dan ortiq yo`lovchi turli darajada tan jarohati olgandi.





