Joriy yilning 19-25 aprel kunlari Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari jamoasi MDH ga a`zo davlatlar oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari o`rtasida o`tkazilgan matematika fani bo`yicha Xalqaro olimpidada faxrli 3-o`rinni qo`lga kiritishdi.
Qozog`istonning Karaganda davlat texnika universitetida bo`lib o`tgan mazkur nufuzli fan olimpiadasida O`zbekiston, Armaniston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Belarus hamda Rossiya Federasiyasidan 7 ta jamoa ishtirok etib, kursantlarning oliy matematika borasidagi bilimlari 3 ta turda sinovdan o`tdi.
Yakuniy natijalarga ko`ra, 1-o`rinni Rossiya Federasiyasi, 2-o`rinni Qozog`iston Respublikasi hamda 3-o`rin o`zbekistonlik kursantlar egalladi.
Ta`kidlash kerakki, 2018 yildan mazkur fan olimpiadasining bir nechta yo`nalishi bo`yicha ishtirok etib kelayotgan O`zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari yuqori natijalarni qayd etib kelishyapti. O`tgan yili aprel oyida Olmaotada bo`lib o`tgan mazkur olimpiadaning matematika yo`nalishida qatnashgan Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari ham uchinchi o`rinni qayd etishgan edi. Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari esa MDHga a`zo mamlakatlarining harbiy bilim yurtlari o`rtasida o`tkazib kelinayotgan fan olimpiadasida 2019 yildan ishtirok eta boshladi.
Sovrin bilan O`zbekistonga qaytib kelgan kursantlar 26 aprel kuni kechqurun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Akademiya jamoasi, ota-onalar va keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






