Bugun, 27 aprel kuni O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a`zosi, mudofaa vaziri general-polkovnik Vey Fenxe boshchiligidagi XXR harbiy delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda o`zbek-xitoy hamkorligining mudofaa va harbiy ta`lim sahosidagi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, harbiy-texnik yo`nalishda o`zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo`yicha fikr almashindi. Ikki davlat mudofaa idoralari mutaxassislari tomonidan turli yo`nalishlarda tajriba almashish uchun muntazam ravishda amalga oshirilayotgan tashriflarining ahamiyati alohida qayd etildi.
O`zbekiston mudofaa vaziri mehmonlarni qizg`in qutlab, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga 2017 yil may oyidagi davlat tashrifiikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochdi hamda o`zbek-xitoy hamkorligi rivojlanishining tarixiy bosqichi bo`lganini qayd etdi.
«Ikki tomonlama samarali hamkorlikning o`tgan yillarini baholagan xolda ishonch bilan aytish mumkinki, Xitoy, bu – do`stlik, hamkorlik va o`zaro qo`llab-quvvatlash aloqalari tobora mustahkamlanayotgan, ishonchli, vaqt sinovidan o`tgan strategik hamkordir», – dedi general-mayor Bahodir Qurbonov
O`zbekiston mudofaa idorasi boshlig`i O`zbekiston Xitoy bilan eng avvalo, har ikkala davlat uchun manfaatli, aniq amaliy ko`rinishdagi qo`shma hamkorlikni rivojlantirish borasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishdan manfaatdorligini ta`kidladi.
Ta`kidlash joizki, ikki mamlakat o`rtasida harbiy ta`lim sohasidagi hamkorlik suratining o`sishi muhim jihatlardan biri. O`zbekistonlik harbiy xizmatchilar Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi harbiy-ta`lim muassasalarida faol tayyorgarlikdan o`tmoqda. Xitoylik mutaxassislar esa O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy-ta`lim muassasalarida bir necha bor seminar va leksiya mashg`ulotlarini o`tkazgan.
O`zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasida Xitoy Qurolli kuchlariga bag`ishlangan zamonaviy, mazmundor mavzuviy sinfning tashkil etilgani e`tiborga loyiq. Joriy yilning sentyabr oyidan e`tiboran, xitoyliklar tashabbusi bilan ushbu oliy harbiy ta`lim muassasasida xitoy tilini intensiv tarzda o`rganish kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Kurslarga Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Konfusiy nomli O`zbek-xitoy instituti o`qituvchilari jalb qilinadi.
Yakunda O`zbekiston va Xitoy mudofaa vazirliklari o`rtasida 2019 yilga ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi imzolandi.






