AsosiyJamiyat

Vazir nega o`zbekcha gapirdi?

'Vazir nega o`zbekcha gapirdi?'ning rasmi

“Shunday katta tadbirda adliya vazir o`zbek tilida gapirdi-ya”, deya o`z hayratini yashirmadi hamkasblarimizdan biri o`zaro muhokamalarimiz paytida...

Bir zamonlar so`z boyligi bilan dunyoni lol qoldirgan hazrat Alisher Navoiyning tili mustabid tuzumning goh oshkora, goh pinhona siyosati tufayli, afsuski, o`z mavqeini yo`qotgan edi. Oqibatda, tilimizdan faxrlanish o`rniga, o`zimiz anglab-anglamagan holda, undan or qila boshlagandik. Eng yomoni esa, Mustaqillikni qo`lga kiritganimizga ham chorak asrdan oshgan bo`lsa-da, uning ta`siridan hali-hamon qutula olganimiz yo`q. Sal kattaroq rasmiy tadbir o`tkazsak, hatto oramizda bironta o`zga til vakili bo`lmasa-da, uni rus tilida olib boramiz. Ayniqsa, fan-texnika, qonunchilik va huquq sohasida o`z tilimizda gapirishdan “ehtiyot” bo`lamiz. Sababi esa oddiy: tilimizda zamonaviy va qonunchilik atamalari ishlanmagan deb o`zimizga taskin beramiz... Ammo, aslida, ozgina mulohaza qilsak, ularni bizga birov ishlab bermaydi. Aksincha, tadbirlarimizni o`z tilimizda o`tkazib, o`z tilimizda ma`ruzalar tayyorlashga urinaversak, mos atamalarni topish uchun izlanaversakkina ular shakllanadi, sayqallanadi. Shundagina kelajak avlod “katta tadbirda ham o`z tilimizda gapirsa bo`lar ekan” deya hayratlanib yurmaydi...

Shu ma`noda bugun o`z ishini yakunlayotgan “Toshkent huquq bahori” anjumanining aksariyat yo`nalishlarida ish uch tilda yuritilgani ko`pchilikning e`tirofiga sabab bo`ldi. Ya`ni o`zbek-ingliz va ingliz-o`zbek tillariga to`g`ridan-to`g`ri tarjimaning yo`lga qo`yilishi xorijliklar oldida huquq sohasida ham o`z tilimizda nutq so`zlash imkonini yaratib berdi. Qolaversa, tanaffuslar paytida, tarjimonlardan foydalanib, xorijlik mehmonlar bilan yuzma-yuz suhbatlar uyushtirish ham mumkin bo`ldi.

To`g`ri, mazkur tadbir dasturidagi qaysidir mavzuda o`zbek tilida ma`ruza qilindi deb maqtana olmaymiz. Ammo katta xalqaro anjumanda o`z tilimizda ish yuritish imkoni yaratilishi, jumladan, kichik chiqishlarda bo`lsa-da, yuqori martabali insonlarning o`zbek tilida gapirishi jahon hamjamiyati oldida tilimiz mavqeini ko`tarish yo`lidagi dadil bir qadab sifatida baholashga arziydi. Buning uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdormiz! Zero, Hazrat aytganlaridek, “Tilga e`tibor — elga e`tibor”dir!

    Boshqa yangiliklar