Respublikamizning etakchi OAV jamoalarining bir guruh jurnalistlari ishtirokida Surxondaryo viloyatiga mediatur tashkil etildi. “Boysun bahori” festivalining tashkillashtirilishi, borishi va undagi ajoyib tomoshalarni keng yoritishga qaratilgan ushbu axborot-tur tashkilotchilari O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.
Tog` bag`ridagi chiroyli gilamlar va so`zanalar bilan bezatilgan o`tovda matbuot markazi tashkil qilingan. Bu erda noutbuklar, internet sayohatchi jurnalistlarga xizmat qilyapti. Bunday bahavo tabiat qo`ynida ijod ahli o`zgacha bir ilhom bilan ishga kirishib ketgan.
Boysun bahori bu yilgi festival mehmonlarini o`zining saxiy yomg`irli obi-havosi bilan qarshi oldi. Bu bayramga o`zgacha bir shukuh berdi. Ko`p sonli aholi va festival mehmonlari, hatto soyabonsiz kelgan yurtdoshlarimiz ham ajoyib tantanalar, dorbozlik o`yinlari, folklor jamoalari chiqishlari, ko`rgazma va boshqa ko`ngilochar tomoshalarni tashlab ketishmadi.

Mazkur festivalga kelgan minglab odamlarning xushchaqchaq, beg`ubor qiyofalari o`zbekona samimiylikni, mehrni ifoda etadi. Ushbu go`zal fotolavhalar “Boysun bahori” festivalining bor tabiiyligi, ulug`vorligi, haqiqiy bayramona kayfiyatini, bor milliyligi va tabiatning erkaligi yoki biroz injiqliklari bilan ko`rib, his qilishingizga imkon berishi shubhasiz.
Festival ertaga ham davom etadi. Ishtirokchilarning va tashkilotchilarning fikrlari, tantananing o`ziga xos yangiliklari haqida navbatdagi maqolalarda axborot berib boramiz.
Manzura BEKJONOVA






