AsosiyJamiyat

“Boysun bahori” festivali boshlandi

'“Boysun bahori” festivali boshlandi'ning rasmi

Boysun tumanidagi Padang qishlog`ida “Boysun bahori” folklor festivali bo`lib o`tmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan folklor-etnografik jamoalar o`z san`atini keng namoyish etib, o`zaro bahslashmoqda.

Xushmanzara tabiat qo`ynida tashkil etilgan kurash musobaqasi, arqon tortish, tosh ko`tarish, qo`chqor, xo`roz urishtirish, varrak uchirish va boshqa xalq o`yinlari o`tkazilmoqda. Har bir hudud uchun ajratilgan maydonlarga o`rnatilgan o`tov uylar atrofida noyob milliy hunarmandchilik buyumlari, turli asori-atiqalar namoyish etilmoqda. Tasviriy va amaliy san`at, milliy taomlar, liboslar ko`rgazmalari tashkil etilgan.

Serjilo tog`lar qo`ynida bayramona bezatilgan adirning yana bir sahnasida baxshi-shoir, oqin va jirovlar ko`rik-tanlovi avj olayotgan bo`lsa, boshqa sahnalarida teatrlashtirilgan sahna asarlari tomoshabinlarga o`zgacha zavqu shavq ulashayotir.

photo_2019-04-27_11-22-53.jpg

–Jamoamiz tashkil etilganiga qariyb o`ttiz yil bo`lmoqda, – deydi Farg`ona viloyati Furqat tumanidagi “Shodiyonaʼʼ folklor-etnografik xalq jamoasi badiiy rahbari Odinaxon Yaqubova. – Shu yillarda yurtimizning turli joylarida bo`lib o`tgan festival va tanlovlarda hududimizga xos milliy qadriyatlarni keng namoyish etdik. Lekin, so`lim tog` qo`ynidagi betakror manzaralar bag`rida tashkil etilgan bunday festivalda ilk marta qatnashmoqdamiz. Bu erning go`zal manzaralari, ob-havosi ham bizda o`zgacha taassurot uyg`otdi. Yangi g`oyalar asosida izlanishga chorladi. Dasturimiz tomoshabinlarga manzur bo`ladi,degan umiddamiz.

Festivalning tantanali ochilish marosimi bugun kechki payt bo`lib o`tadi.Unda taniqli folklor-etnografik jamoalar va el suygan mashhur san`atkorlarning rang-barang dasturlari namoyish etiladi.

photo_2019-04-27_11-23-03.jpg

photo_2019-04-27_11-23-06.jpg

    Boshqa yangiliklar