AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz natijalarini xalqlarimiz sezishi kerak

'Shavkat Mirziyoev: birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz natijalarini xalqlarimiz sezishi kerak'ning rasmi

“Bir makon, bir yo`l” ikkinchi xalqaro forumi 27 aprel kuni "Yansi" xalqaro konferensiyalar markazida delegasiya rahbarlarining davra suhbati tarzida davom etdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

– Xalqaro va mintaqaviy o`zaro bog`liklik masalalari Markaziy Osiyo, jumladan, dengiz portlariga bevosita olib chiquvchi yo`lga ega bo`lmagan mamlakatimiz uchun dolzarb bo`lib kelgan va hozir ham shunday. O`zbekiston mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyotida muhim omil bo`ladigan “Bir makon, bir yo`l” tashabbusini avvalboshdanoq qo`llab-quvvatlagan, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari forum davra suhbatining Qo`shma bayonoti qabul qilinishini ma`qullab, bu mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, umumiy maqsadlarga erishish, iqtisodiy o`sishning yangi manbalarini kashf etish, natijada xalqlarimiz turmush darajasi oshishiga xizmat qilishini ta`kidladi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyoning transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, “yashil iqtisodiyot” orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, turizmni rivojlantirish, ekologik muammolarni birgalikda bartaraf etish va boshqa dolzarb masalalar bo`yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit salohiyatini ro`yobga chiqarish hamda Xitoy - Markaziy Osiyo - G`arbiy Osiyo iqtisodiy yo`lagini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi. Toshkent - Andijon - O`sh - Irkishtom - Qoshg`ar avtomobil yo`lagi, O`zbekiston - Qirg`iziston - Xitoy va Mozori Sharif - Kobul - Peshovar temir yo`llari loyihalari bu borada katta istiqbollar ochishi qayd etildi. Shuningdek, Sariq dengiz portlari - Markaziy Osiyo - Evropa yo`nalishi bo`ylab temir yo`lda yuk tashishga bir xil tarif o`rnatish ham iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq.

Prezidentimiz “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun qishloq xo`jaligiga zamonaviy texnologiyalar va ilg`or echimlarni joriy etish masalalariga e`tiborni qaratdi.

Orol dengizi qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik vaziyatni bartaraf etish umumiy vazifa ekanini ta`kidlar ekan, Shavkat Mirziyoev sheriklarni BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun Trast fondi hamda Orolbo`yi hududida ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasi faoliyatida ishtirok etishga chaqirdi.

Turizm sohasida almashinuvlarni rivojlantirish, buning uchun “Ipak yo`li” brendi ostida qo`shma dastur va mahsulotlarni ilgari surish bo`yicha dolzarb takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari Afg`oniston masalasiga ham e`tibor qaratib, ushbu mamlakatda tinchlik o`rnatilishi Markaziy va Janubiy Osiyoda yangi taraqqiyot manbalari yaratishini ta`kidladi. Shavkat Mirziyoev bu boradagi dolzarb masalalar joriy yilning kuzida Toshkentda bo`lib o`tadigan Afg`oniston bo`yicha Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasida (RECCA) muhokama qilinishini ma`lum qildi.

- Tarixiy va madaniy merosimiz, oldimizda turgan maqsad va vazifalarning o`xshashligi hamda intilishlarimiz mushtarakligi kelajakka katta ishonch bilan qarashga imkon beradi. Xalqlarimiz birgalikdagi sa`y-harakatlarimizning ijobiy natijalarini albatta sezishlari kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbarining fikr va tashabbuslari qiziqish bilan kutib olindi.

“Bir makon, bir yo`l” ikkinchi xalqaro forumi bugun yakunlanadi.

    Boshqa yangiliklar