Kecha, 26 aprel kuni Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida O`zbekiston, Turkiya va Pokiston qo`shinlari bo`linmalari o`rtasida “Hamdo`stlik qalqoni–2019” maxsus taktik-o`quv mashg`ulotlarining yakuniy bosqichi o`tkazildi.
Mashg`ulotlarni O`zbekiston Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig`ining o`rinbosari polkovnik Shuhrat Ikramov, Turkiya hamda Pokistonning O`zbekistondagi harbiy attashelari Mustafa Baloglu va Imron Orif, mas`ul ofiserlar va OAV vakillari bevosita kuzatib bordi.

Amaliy harakatlar davomida maxsus qo`shma amaliyot kuchlari bo`linmalari tomonidan tog`li hududda shartli noqonuniy qurolli guruhni razvedka qilish, bloklash va yo`q qilish, vertolyot aviasiyasi yordamida yo`q qilish bo`yicha vazifalar bajarildi. Mashg`ulotga Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlariga tegishli ikkita Mi-24 vertolyotlari ham jalb etildi.
Shuningdek, har uchchala davlat harbiylari tomonidan ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni ta`minlashda qo`l keladigan sodda va unumli mexanizm namunalari ko`rsatib berildi.

Tog` tayyorgarligi ilmlarini taqozo etadigan sinovlar chog`ida uch guruhda, uchta o`quv joyida hamkorlikda shartli ravishda noqonuniy qurollangan kuchlarga qarshi harakatlar chizmasi, taktik harakatlarning ketma-ketligi, cho`qqilarni zabt etish va qo`qqisdan zarba berish, o`zaro aloqa uchun signallar o`rnatish kabi topshiriqlar bajarildi.

Maxsus taktik mashqlar natijalariga ko`ra, Turkiya, Pokiston va O`zbekiston qurolli kuchlarining maxsus qo`shma amaliyot kuchlari bo`linmalariga yuklangan vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Shundan so`ng, “Forish” poligonida hamkorlikdagi mashg`ulot ishtirokchilarini taqdirlash marosimi o`tkazildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






