AsosiyJamiyat

Qo`shinlar jangovar shayligining ikkinchi kuni “Chirchiq” poligonida o`tdi

'Qo`shinlar jangovar shayligining ikkinchi kuni “Chirchiq” poligonida o`tdi'ning rasmi

Avval xabar berilganidek, 24-25 aprel kunlari Toshkent harbiy okrugi hududida joylashgan harbiy qism va muassasalar yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan edi. O`zbekiston Qurolli Kuchlar bosh shtabi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari qo`mondonligi hamkorligida amalga oshirilgan o`quv dasturiga asosan hamkorlikdagi qo`mondonlik-shtab mashg`ulotlarining ikkinchi kuni “Chirchiq” poligonida davom etdi.

Mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev hamda Davlat xavfsizlik xizmati raisining o`rinbosari – Chegara qo`shinlari qo`mondoni general-mayor Ruslan Mirzaev rahbarligida barcha kuch tuzilmalarining harakatlarini muvofiqlashtirish bo`yicha hamkorlikdagi qo`mondonlik-shtab o`quvlari rejasi ishlab chiqildi. Unga ko`ra qo`shinlar va boshqaruv organlari yuqori jangovar shaylikka keltirilib, ishtirokchilar “Chirchiq” dala o`quv maydoniga olib chiqildi. Unda kuch tuzilmalari tegishli bo`linmalarining zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi hamkorlikdagi tadbirlarni bajarish ko`nikmalari yana bir bor sinovdan o`tkazildi.

Razvedka va boshqa muhim ma`lumotlarni tezkor almashish, real vaqt mezonlari asosida samarali va yagona boshqaruvni tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar ko`rildi. Mashg`ulotlar real vaziyatga yaqinlashtirilgan holda o`tkazildi. Ularda harbiy aviasiya ham ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari bo`linmalari bilan birgalikda olib borilgan o`quv operasiyalar davomida noqonuniy qurollangan shartli jangarilar to`dasi batamom yo`q qilindi.

Mashg`ulotlar yakunida bo`linmalarning harakatlari tahlil qilinib, baholandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar