O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 aprel kuni Pekin shahrida o`zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o`tkazdi.
Davlatimiz rahbari Bosh kotibni samimiy qutlab, Samarqand va Nyu-york shaharlarida o`tgan mazmunli suhbatlarni iliqlik bilan eslashini, ushbu muloqotlar O`zbekiston bilan BMT institutlari va tashkilotlari o`rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilganini ta`kidladi. Shavkat Mirziyoev Samarqanddagi Markaziy Osiyo bo`yicha va Toshkentdagi Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida o`tgan Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qo`llab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta`minlash yo`lidagi tashabbuslari va sa`y-harakatlarini to`liq qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu islohotlar O`zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qat`iy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
BMT Bosh kotibi Prezidentimiz bilan yana bir bor uchrashib turganidan mamnun ekanini ta`kidlab, O`zbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ma`naviyat, ta`lim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim o`rin tutayotganini qayd etdi.
O`zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qat`iy intilmoqda. Eng muammoli masalalarning echimi topildi, barcha qo`shnilar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarildi. Keyingi ikki yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobar ortdi.
BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo bo`yicha tarixiy ahamiyatga ega rezolyusiyasi hamda Ma`rifat va diniy bag`rikenglik bo`yicha rezolyusiyasi qabul qilingani O`zbekistonning bu boradagi sa`y-harakatlarining xalqaro e`tirofi bo`ldi. Mamlakatimiz Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va qabul qilish bo`yicha muhim tashabbusni ham ilgari surgan.
BMT Bosh kotibining ko`magi tufayli BMT sha`feligida Orolbo`yi uchun ko`p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Orolbo`yida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoev rahbarligida Orolbo`yida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat ob`ektlarini qurish, umuman, Orol foijasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Besh oy mobaynida Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya o`rmonzorlari ekildi, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.

Uchrashuvda, joriy yil oktyabr oyida Nukusda bo`lib o`tadigan Orolbo`yida ekologik innovasiya va texnologiyalarni rivojlantirish bo`yicha xalqaro konferensiya yakunida O`zbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni "Ekologik innovasiya va texnologiyalar hududi" sifatida e`lon qilishga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani ta`kidlandi.
Bundan tashqari, 2020 yilda Toshkent shahrida Ozon qatlamini emiruvchi moddalar bo`yicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan xalqaro konferensiya o`tkazilishi qayd etildi.
Suhbat chog`ida Afg`onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo`l bilan hal etish mintaqamizda barqarorlikni ta`minlashning muhim omili ekani ta`kidlandi. O`zbekiston Afg`onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.
Antoniu Guterrish O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur barcha ko`makni ko`rsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.






