O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari birinchi marta2019 yilda Xalqaro armiya o`yinlari (ArMI-2019) doirasida o`tkaziladigan eng nufuzli musobaqa – “Tank biatloni”da ishtirok etadi.
Ta`kidlash kerakki, Tank biatloni O`zbekistonda 2018 yildan e`tiboran ommalasha boshladi. O`tgan yili Tank biatlonini o`tkazish uchun xalqaro standartlarga mos bo`lgan maydon Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida bunyod etilib, 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasi O`zbekiston Mudofaa vazirligi miqyosida birinchi musobaqa tashkil etilgan edi.
O`tgan yilgi IV Xalqaro armiya o`yinlarining Tank biatloni yo`nalishida o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan bo`lsa, joriy yilda 4 ta tank ekipaji (3 tasi asosiy va 1 tasi zaxira) bilan Rossiyada o`tkaziladigan ushbu musobaqada bahslashadi.
Tank biatloni – tank ekipajlari o`rtasida tankni boshqarish va unga o`rnatilgan asosiy hamda zaxira qurollaridan mo`ljalga aniq otish bo`yicha amaliy musobaqa hisoblanadi. U Xalqaro armiya o`yinlari (ArMI) dasturiga kiritilgan bo`lib, eng nufuzli musobaqa hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz, beshinchi marta o`tkazilayotgan Xalqaro armiya o`yinlari Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belorussiya, Hindiston, Eron, Qozog`iston, Xitoy, Mo`g`iliston hamda birinchi bor O`zbekistonda bo`lib o`tadi. O`zbekiston o`z hududida ArMI-2019ning Harbiy-tibbiy estafeta yo`nalishi bo`yicha musobaqalarga mezbonlik qiladi. Tashkilotchilar tomonidan mazkur nufuzli musobaqalarda 6 ming nafardan ziyod ishtirokchilar bo`lishi kutilmoqda. Xalqaro armiya o`yinlari shu yilning 3-17 avgust kunlari o`tkaziladi.
Joriy yilning fevral-mart oylarida “Chirchiq” poligonida o`tkazilgan saralash bosqichida O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlari o`rtasida eng yuqori ko`rsatkichlarni qayd etgan 4 ta tank ekipaji (tank komandiri, mo`ljalga oluvchi-operator, mexanik haydovchi) tanlab olindi. Hozirgi vaqtda ular Markaziy harbiy okrugining “Forish” poligonida yakka tartibda poyga va estafeta turlari bo`yicha T-72 tanklarida intensiv amaliy tayyorgarlikdan o`tashyapti.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






