2019 yilning 16 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi delegasiyasining Polsha poytaxti Varshava shahriga tashrifi doirasida Polshadagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi rasmiy saytida ma`lum qilingan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda O`zbekistonning Polshadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yurtdoshlarimizga bir olam quvonch bag`ishladi.
Sherzod Sultanov uchrashuv davomida yurtdoshlarimiz uchun “Xorijda O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilishda vatandoshlar rolini oshirish” mavzusida taqdimot o`tkazib, chet davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ishlash bo`yicha davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat, uning asosiy maqsadlari va yo`nalishlari haqida ma`lumot berib o`tdi. O`z so`zini yakunlar ekan, Sherzod Sultanov shunday deydi:

“O`zbekistonimizning jahon miqyosidagi o`rni yanada yuksalishida har birimiz imkon darajasida o`z hissamizni qo`shishimiz lozimligini yana bir bor eslatib, shuni ta`kidlab o`tmoqchimanki, bu borada, ayniqsa, siz kabi chet davlatlardagi vatandoshlarimizdan umidimiz katta”.
Uchrashuv so`ngida milliy taomlarimizni sog`ingan vatandoshlarimiz uchun o`zbekona bayram dasturxoni yozildi. Qo`li shirin oshpazlar tomonidan osh damlandi. O`zbekistondan sovg`a sifatida berib yuborilgan mevalaru shirinliklar dasturxon ko`rki bo`ldi.







