AsosiyJamiyat

Tashkent Travel Mart: Xorijiy sayyohlik tashkilotlari bilan yangi formatdagi biznes uchrashuvlar o`tkazilmoqda

'Tashkent Travel Mart: Xorijiy sayyohlik tashkilotlari bilan yangi formatdagi biznes uchrashuvlar o`tkazilmoqda'ning rasmi

15 aprel kuni Toshkent shahrida B2B formatidagi «Tashkent Travel Mart»tadbiri bo`lib o`tmoqda. Unda BAA, Shveysariya, Italiya, Gresiya, Gruziya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning turizm sanoati vakillari ishtirok etmoqda.

Respublika Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi rasmiy saytida keltirilishicha, Tadbir O`zbekiston Respublikasi Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, «O`zbekiston havo yo`llari» MAK hamda «Profi.Travel» bosh axborot hamkori qo`llab-quvvatlashi ostida o`tkazilib, B2B uchrashuvlarda xorijiy va mahalliy turoperatorlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, avtomobil ijarasi bilan shug`ullanuvchi kompaniyalar vakillari qatnashishdi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov tadbirni ochib berar ekan, shunday deydi:

“Bugungi tadbir shunisi bilan ahamiyatliki, bunday formatdagi tadbir birinchi marta Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) tashkilotchiligi ostida o`tmoqda. Odatda, bunday tadbirlar davlat tashkilotlari etakchiligida o`tkazilar edi, bugun esa bizning sayyohlik tashkilotlarimiz o`z o`rinlarini mustahkamlab, yangi tashabbuslar bilan chiqishmoqda.


Hozirda O`zbekistonda turizm sohasi faol rivojlanmoqda: 2017 yilda O`zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar soni 2,7 million kishini tashkil qilgan bo`lsa, 2018 yilda ularning umumiy soni 5,4 millionga yaqinlashdi. Joriy yilning birinchi choragidayoq, ya`ni, odatda, sayyohlar oqimi kam mavsum hisoblanuvchi davrda O`zbekistonga kelgan xorij fuqarolari soni million nafarga etdi”.

Bosh vazir o`rinbosari, mamlakatda turizmning ko`plab yo`nalishlari rivojlanayotgan bugungi kunda xorijiy mehmonlarning O`zbekistonda o`zlari uchun yaxshi hamkorlarni topib, o`z bizneslarini yanada rivojlantirishlariga umid bildirdi hamda O`zbekiston hukumati bu borada ularning sa`y-harakatlari va tashabbuslarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

Shuningdek, tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Abdulaziz Akkulov, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova va turizm sohasining boshqa bir qator vakillari ham qatnashib, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borishdi.

    Boshqa yangiliklar