Bugunga kelib yoshlarimizga turli sohalarda qator imkoniyat va imtiyozlar taqdim etilayotgani sir emas. Xususan 2017 yildan boshlab oliy ta`lim muassasalarida o`rtacha o`zlashtirishi 86 foiz va undan yuqori bo`lgan, O`zbekiston yoshlar ittifoqida shijoat bilan faollik ko`rsatgan talabalar uchun to`lov shartnoma summasining 35 foiz qismi to`lab berilmoqda.
Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar markazida Toshkent shahridagi oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan 552 nafar talabaga bir yillik to`lov shartnoma summasining 35 foiz miqdoridagi to`lovlarni to`lab berish va ularni maxsus sertifikatlar bilan tantanali taqdirlash marosimi marosimi bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi birinchi o`rinbosarlari, oliy ta`lim muassasalari talabalari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so`zga chiqqan Ittifoqning Toshkent shahar Kengashi raisi o`rinbosari Oybek Rahmonberdiev joriy o`quv yilida ushbu imtiyozga Toshkent shahrida joylashgan oliy ta`lim muassasalarining 1 ming 52 nafar talabalari hujjat topshirgani va ular orasidan 552 nafarining to`lov shartnomasiga jami 1 milliard 933 million 644 ming so`m miqdorda mablag` ajratilganini ta`kidladi.
Sovrindor talabalarga maxsus sertifikatlar va esdalik sovg`alari tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib o`tamiz, imtiyozga eng munosiblarni saralashda talabaning oliy ta`lim muassasasida o`rtacha o`zlashtirishi 86 foiz va undan yuqori bo`lishi,tashkilot tizimida amalga oshirgan ishlari, faolliklari, o`z shaxsiy tashabbuslari bilan yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qo`shgan hissalariga alohida e`tibor qaratildi.
Shuningdek, tanlov g`oliblari taqdim etgan loyihalarning eng dolzarblari O`zbekiston yoshlar ittifoqi ko`magida amalga oshiriladigan bo`ldi.

—Fakultetimizda Ittifoqning boshlang`ich tashkilot etakchisiman. Bir qancha publisistik va ilmiy maqolalarim turli gazeta va jurnallarda chop etilgan. Universitetimizdagi e`lon orqali ushbu tanlovga hujjat topshirdim va bugun imtiyoz sovrindorligiga erishdim, – deydi O`zbekiston davlat jahon tillari universitetining xorijiy til va adabiyoti yo`nalishi 4-kurs talabasi Muxlisa Maxmanazarova. — Bildirilgan ishonchga javoban O`zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga munosib hissa qo`shishni maqsad qilganman. Hozirgi kunda o`zbek xalq maqollarini xitoy tiliga tarjima qilish ustida ish olib boryapman. Buni tugatgach, o`zbek adabiyotidagi durdona asarlarni ingliz tiliga tarjima qilishga kirishaman.

Imtiyoz sovrindorlaridan Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining suv xo`jaligini tashkil etish va boshqarish fakulteti 2-kurs talabasi Hayitboy Iskandarov ham O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarga berilayotgan bu kabi keng imkoniyatlardan minnatdorligini bildirdi. U fakultet etakchisi sifatida institutda kitobxonlik targ`ibotiga oid loyihalarni amalga oshiryapti. Bundan tashqari kursdoshlari bilan kitob almashinuvini ham yo`lga qo`ygan.
Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yib, yoshlar uchun yangi ish o`rinlari yaratishni niyat qilgan.
Shahnoza Nurullaeva






