Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida (MOMIHD) Energetika sektorini muvofiqlashtirish qo`mitasining (ESMQ) 29-yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Delegatlarni O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirining o`rinbosari Sherzod Xo`jaev, Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G`arbiy Osiyo departamenti direktori Ashok Bxargava qutladi.
Tadbir doirasida MOMIHDga a`zo mamlakatlarda davlat korxonalarini isloh qilish, MOMIHD energetika sektorining o`rta muddatli tezkor strategiyasi hamda mintaqaviy savdo va sarmoyaviy loyihalarga bag`ishlangan sessiyalar o`tkazildi.
Yig`ilish ishtirokchilari O`zbekiston Respublikasining elektr energetikasi sohasini isloh qilish strategiyasi, MOMIHD doirasida energetika tizimiga oid investisiya loyihalarini ishlab chiqish va energetika sohasidagi davlat-xususiy sheriklik tizimini amalga oshirish imkoniyatlariga bag`ishlangan ma`ruzalar bilan tanishdi.
Tadbirda MOMIHD davlatlarida quyosh energetikasini rivojlantirishga bag`ishlangan alohida sessiya o`tkazildi. Xalqaro quyosh energiyasi instituti vakili O`zbekistonda qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish bo`yicha taqdimot qildi. Shuningdek, Afg`oniston, Qirg`iziston va Tojikiston davlatlari delegatlari qayta tiklanadigan energiya sohasi bo`yicha loyihalar amalga oshirilishda o`z tajribalari bilan o`rtoqlashdi.
Navbatdagi sessiya MOMIHD mamlakatlarida kichik gidroelektrstansiyalarni rivojlantirish masalalariga bag`ishlandi. O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikiston davlatlari vakillari kichik gidro loyihalarni amalga oshirish borasida ham o`zaro fikr almashdi.
Delegatlar, shuningdek, MOMIHD Energetika sektori muvofiqlashtirish qo`mitasining 2019 yil uchun mo`ljallangan ish rejasini muhokama etdi. O`zbekiston nomidan yig`ilish qatnashchilari joriy yilning 15-17 may kunlari Toshkentda bo`lib o`tadigan "Energetika, energiya tejash va muqobil energiya manbalari - Power Uzbekistan 2019" xalqaro ko`rgazmasiga taklif etildi.
Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish dasturi Osiyo taraqqiyot bankining tashabbusi bilan 1997 yilda joriy etilgan. Dasturning maqsadi mintaqaviy va ko`p tomonlama, jumladan, energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish orqali Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishini rag`batlantirishdan iborat.
MOMIHD yuridik maqomga ega tashkilot hisoblanmaydi va bu norasmiy dastur bo`lib, barcha, jumladan, dasturni yangi ishtirokchilar hisobidan kengaytirish masalalari tomonlarning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Bugungi kunda MOMIHD ishida mintaqaning 11 mamlakati - O`zbekiston, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Mongoliya, Tojikiston, Afg`oniston, (2005 yildan), Pokiston, Turkmaniston (2010 yildan) va Gruziya (2016 yildan), shuningdek, xalqaro donor tashkilotlar: OTB, Jahon banki, ETTB, XVF, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki ishtirok etmoqda.






