2019 yil 10 aprel kuni Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi hamda Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini o`rganish assosiasiyasining 30 yilligiga bag`ishlab, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamda Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san`atini o`rganish Assosiasiyasi hamkorlikda “Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o`tkazdi.
O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturidan O`zbekistonning taniqli olimlari ma`ruzalari bilan bir qatorda xorijiy davlatlardan (Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va boshq.) tashrif buyurgan temurshunos olimlarning ma`ruzalari o`rin olgan.

– Prezident Shavkat Mirziyoevning o`tgan yili Fransiyaga tashrifi davomida menga "Samarqand shahrining faxriy fuqarosi" degan sharafli unvon berilganidan g`oyat minnatdorman, – deydi Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san`atini o`rganish assosiasiyasi prezidenti F.Bressand. – Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri qanchadan-qancha yirik va ko`plab tadqiqotlarga arziydi. Bu bevosita Temur hazratlarining shaxsiyati, faoliyati, uning jahon sivilizasiyasida tutgan o`rni bilan bog`liqdir. Bu borada o`zbek olimlari bilan hamkorlikda bir qator izlanishlar olib bormoqdamiz. Assosiasiya tarkibidagi olimlarning yurtingizga tashrifi doirasida ko`plab uchrashuvlar, anjumanlar, muloqotlar, spektakl namoyishlari o`tkaziladi. Biz O`zbekistondek muqaddas diyorga kelganimizdan g`oyat baxtiyormiz.

– Garchi tarixchi bo`lmasam-da Mirzo Ulug`bek, yana ham aniqrog`i, Muhammad Tarag`ay ibn Shohrux ibn Temur Ulug`bek Ko`ragonning ilmiy merosi bo`yicha kitob yozishga muvaffaq bo`ldim, – deydi astronom olim Jan Per Lyumenet. – Bunda Ulug`bekning tarix, san`at, adabiyot, xattotlik, astronomiya, matematika fanlarining bilimdoni bo`lganiga asosiy e`tiborni qaratishga intildim. Ulug`bek tadqiqotlaridagi g`oyat puxta, aniq ma`lumotlar hanuz kishini hayratga soladi. Uning merosi ko`plab izlanishlar uchun zamin bo`lib xizmat qilmoqda. Merosi butun dunyoda o`rganilmoqda.

– Temur va temuriylar davriga oid asarlar, manba va ma`lumotlar bitmas-tuganmas xazinaga o`xshaydi, – deydi assosiasiya kotibi Lorenso Dulage. – O`zbekistonda milliy merosni o`rganishga davlat miqyosida e`tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq. Biz o`z faoliyatimiz davomida Amir Temur va temuriylar davriga oid tadqiqotlarni yanada ko`proq olib borish, bu yo`nalishda hamkorlikdagi loyihalarni hayotga joriy etishga astoydil harakat qilamiz.





Shuningdek, muzeyda “Temuriylar davri rassomlar nigohida” mavzuidagi tasviriy san`at asarlari ko`rgazmasi ochildi. Ushbu ko`rgazmada tasviriy san`atning turli janrlarida yaratilgan asarlar namoyishga qo`yilgan. Tadbir yakunida mehmonlarga Temuriylar tarixi davlat muzeyining esdalik sovg`alari topshirildi. Anjuman ishtirokchilari “Temuriylar davri rassomlar nigohida” mavzuidagi ko`rgazma hamda muzey ekspozisiyasi bilan yaqindan tanishdilar.






