Joriy yilning 9-13 aprel kunlari Farg`ona, Andijon va Namangan viloyatlari hududida O`zbekiston mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev rahbarligida barcha kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish bo`yicha hamkorlikdagi qo`mondonlik-shtab o`quvlari o`tkazilmoqda.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, o`quvlarda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari va boshqa bo`linmalari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo`mitasi kuch va vositalari, shuningdek, mahalliy hokimiyat hamda o`zini-o`zi boshqarish organlari jalb qilindi.


Mashg`ulotlar kecha, 9 aprel kuni qo`shinlar va boshqaruv organlarini yuqori jangovar shaylikka keltirish bilan boshlandi. Hozirda bo`linmalar jangovar o`quv vazifalarni bajarish hududiga olib chiqildi. O`quvlar Sharqiy harbiy okrugining barcha poligonlarida bo`lib o`tmoqda. Unda kuch tuzilmalarining tegishli bo`linmalari zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi qaratilgan hamkorlikdagi tadbirlarni amaliy bajarish masalalari ko`rib chiqilmoqda.







