Aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tomonidan joylarda sektor rahbarlarining sayyor qabullari yo`lga qo`yildi.
Xususan, Jizzax viloyati hokimi Ergash Salievning Do`stlik tumani aholisi bilan sayyor uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas`ul xodimi Marat Ishbekov, viloyat sektor rahbarlari, viloyat va tuman Xalq qabulxonasi mudirlari, davlat idoralari rahbarlari ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda viloyat rahbariga aholi o`rtasida to`planib qolgan 159 ta masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.
Masalan, Do`stlik shahri “G`.G`ulom” mahallasida yashovchi Akrom Almanov shahar hududidagi drenajlarning ishlamasligi yillar davomida xalqni qiynab kelayotganini, erlarning sho`rlanishi va zahlanishi borasida shikoyat qilib kelib kelgan edi. Ushbu murojaat bo`yicha “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida pul mablag`lari ajratilib, shahardagi barcha mahallalardagi drenajlarni ishga tushirish borasida ham tegishli ishlar olib borilishi belgilanib, masalaga echim topildi.
Shuningdek, uchrashuvda tumanning “Bunyodkor” qishlog`ida yashovchi fuqaro Ahmadjon Yo`ldoshev nogironligi tufayli aravachaga muhtojligi bo`yicha uzoq vaqt davomida ko`plab idoralarga murojaat qilganligi, ammo hech kim yordam bera olmaganligi haqida murojjat qildi. A.Yo`ldoshevga o`sha erning o`zidayoq aravacha taqdim etildi.

Uchrashuvda murojaatlarning asosiy qismi “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida aholining turar-joylari buzilishi bilan bog`liq bo`lib, er maydoni ajratish, yashash uchun shart-sharoitlar yaratish kabi muammoli holatlarni bartaraf etishga qaratildi.
Ommaviy qabulda fuqarolik pasportini olish, yo`l va inshootlar qurilishi, sog`liqni saqlash, tadbirkorlik faoliyati rivojlantirish, bank kredit mablag`lari ajratish, elektr energiyasi ta`minoti, aholini ish bilan ta`minlash, pensiya hamda nafaqa masalasi bilan bog`liq savollar 1-sektor rahbarining diqqat markazida bo`ldi.
Uchrashuvda ko`tarilgan muammo va bildirilgan takliflarning har biri bo`yicha alohida ro`yxat yuritildi. Ular bo`yicha mas`ullar biriktirilib, mutasaddilarga qat`iy bajarish muddatlari belgilandi.
Aholi murojaatlari viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olindi.
Bu kabi qabullar fuqarolarning adolat izlab idorama-idora yurishi, viloyat markazlariga yoki poytaxtga ovora bo`lib kelib-ketishining oldini olib, muammoni joyida hal qilish imkonini bermoqda. Eng muhimi, respublika va viloyat darajasidagi rahbarlarning xalq huzuriga borayotgani quyi tizimlardan hal bo`lmayotgan masalalarning hal qilinishiga yordam bermoqda.






