2019 yilda aholi bandligini ta`minlash va yangi ish o`rinlarini tashkil etish bo`yicha davlat buyurtmasi to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2019 yilda 370 mingdan ortiq yangi ish o`rinlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 182 mingdan ortiq aholining bandligi ta`minlanadi. Davlat buyurtmasi doirasida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun esa 46 mingdan ortiq ish o`rinlari band qilib qo`yiladi.
Yil yakuniga qadar respublika hududidagi mavjud ishsizlik darajasini o`sishini oldini olish, ayrim hududlarda xususan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Farg`ona viloyatlarida ishsizlik darajasini kamaytirishga erishish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, qarorga muvofiq quyidagi maqsadlar uchun subsidiyalar ajratilishi belgilandi:
- ish beruvchilarga – aholi bandligiga ko`maklashish markazlari yo`llanmasi bo`yicha ishga qabul qilingan xodimlarni qayta tayyorlashga qilingan xarajatlarni qoplash uchun 6 oy davomida har oyda 810 ming so`m miqdorida;
- aholi bandligiga ko`maklashish markazida ro`yxatdan o`tgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga – biznesni yo`lga qo`yish bilan bog`liq xarajatlarni qoplash uchun 2 mln 27 ming so`m miqdorida;
- ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda 405 ming so`m miqdorida;
- engil konstruksiyali issiqxonalar o`rnatish, urug`liklar, ko`chatlar va sug`orish vositalari xarid qilish uchun – 608 ming so`mdan 2 mln so`mgacha bo`lgan miqdorda.






