Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan bojxona to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish hollarining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo`yish borasida keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada, davlat byudjetiga undirilishi lozim bo`lgan bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlashga uringanqonunbuzarlarning qilmishlari o`z vaqtida fosh qilinmoqda.
Yaqinda Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan fosh etilgan qonunbuzarlik holatlarida muqaddam yo`llar orqali olib kirilgan qiymati 3,5 milliard so`mlik tovar-moddiy boyliklarning yashirin aylanmasiga chek qo`yildi.

Namangandan poytaxt tomon yo`lga chiqqan fuqaro J.M. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi O`rtachirchiq tumani hududida to`xtatilib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Sirtdan qaralganda avtomashina yukxonasiga O`zbekistonda ishlab chiqarilgan turli kiyim-kechaklar ortilgandek tuyulsa-da, aslida bu tovarlar ortiga xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan 7 turdagi tovarlar yashirilgan ekan.
Tovarlarning asosiy qismini 14 ming donadan ortiq sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlari tashkil qilib, ularni saqlash va tashish qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Shuningdek, 2 turdagi 301 dona elektr hisoblagichlar, 20 dona televizorlar, 494 dona turli xildagi ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari, 7200 quti saqichlar, 31 dona biologik faol qo`shimchalar va boshqa tovarlar borligi aniqlandi.

Mazkur tovar-moddiy boyliklarningumumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra taxminan1 millard 67 million so`mdan oshar ekan.
Ushbu qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf qilish maqsadida ushbu shaxs istiqomat qilayotgan Namangan shahridagi xonadoni ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Qarangki, ushbu hovli muqaddam aylanma yo`llar orqali olib kirilgan tovarlar yashirincha saqlanayotgan omborga aylanib ulgurgan ekan. Ko`zdan kechirish davomida bu erda 9 turdagi 19 ming donadan ortiq dori vositalari hamda 13,8 ming donadan ortiq fleshkartalar borligi aniqlandi. Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 1 millird 434 million so`mdan oshar ekan.
Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda aniqlangan yana bir qonunbuzilish holatida qiymati 1 milliard so`mdan ziyod bo`lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishi oldi olindi.
Poytaxtimizda yakka tartibdagi tadbirkorlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan kanselyariya tovarlarini ko`zdan kechirish davomida bojxona yuk deklarasiyasi va yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilgan tovarlar bilan konteynerdagi tovarlar o`rtasida katta tafovutlar borligi ma`lum bo`ldi.
Aniqlanishicha, og`irligi salkam 10 tonna bo`lgan 266 ming donadan ortiq kanselyariya tovarlari hujjatlarda umuman ko`rsatilmagani ma`lum bo`ldi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






