Toshkent shahar Yashnaobod tumanida yashovchi fuqaro uyida mast holda tamaki chekib, uxlab qoldi va oqibatda uyning 4 kv. metr maydondagi uy jihozlari va eski buyumlari yonib zararlandi. Yong`in o`chirish vaqtida uy egasi tutundan dimiqqan holda qutqarildi, biroq tez tibbiy yordam xodimlari etib kelguniga qadar vafot etdi.
Shuningdek, IIV xabariga ko`ra, samarqandlik fuqaro ham tamaki chekib uxlab qolishi natijasida uyning 36 kv. metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yongan. Yong`in natijasida uy egasining kuygan holdagi jasadi topilgan.
Andijon viloyatida yashovchi fuqaroning uyidagi yong`in esa isitish pechidan ko`mir cho`g`ining gilamga tushishi oqibatida sodir bo`lgan va 2 kv. metr maydonda uyning pol qismi va o`rin-ko`rpasi yonib zararlangan. Yong`in natijasida uy egasi Q.Xoliqov kuyish tan jarohati olgan holda shifoxonaga yotqizilgan.
IIV qayd etishicha, o`tgan hafta mobaynida respublikamiz hududida 237 ta yong`inlar sodir bo`lgan. Ushbu yong`inlarda 3 nafar fuqarolar tan jarohatlari olishgan va 7 nafar fuqarolar xalok bo`lgan. 1 mlrd. 35 mln. 547 ming 218 so`mdan ortiq qurilish materiallari va 819 mln. 858 ming 184 so`mga yaqin moddiy boyliklar yong`indan saqlab qolingan.





