Mamlakatimizga Turkiyaning Sog`liq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi. Qayd etish joizki, 1903 yilda tashkil etilgan mazkur universitet Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Evropaning etakchi ta`lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Delegasiyaning O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Mamlakatimizning tibbiyot oliy o`quv yurtlari rektorlari ishtirok etgan muloqotda tibbiy ta`lim sohasida aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-ma`rifiy tadbirlarni o`tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston tibbiyot oliy o`quv yurtlari hamda Turkiya Sog`liq bilimlari universiteti o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Jumladan, tomonlar bakalavr va magistrantlarning akademik almashinuvini tashkil etish, professor-o`qituvchilar va doktorantlar uchun malaka oshirish, turk universitetining filiali bazasidagi shifoxonalarda yozgi amaliyot o`tash va qo`shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.

Bundan tashqari, 2019/2020 o`quv yilida Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Turkiya Sog`liq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filialini tashkil etish to`g`risida kelishuvga erishildi. Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida mazkur tibbiyot universitetining klinikasi ham ochiladi. Ta`kidlash joizki, ikki tibbiyot oliy o`quv yurtlari o`rtasidagi hamkorlik o`tgan yildan buyon izchil rivojlanmoqda. Talabalar va o`qituvchilarning ilmiy almashinuvi borasida faol ish olib borilayotir. Hozirga kelib, ana shu hamkorlik samarasi o`laroq Buxoro davlat tibbiyot institutining 40 nafardan ziyod professor-o`qituvchi va talabalari Turkiyada ta`lim oldi.
Delegasiyaning yurtimizga tashrifi davom etmoqda.






