AsosiySiyosat

Buxoro viloyati «sayohatlar chorrahasi»ga aylantiriladi

'Buxoro viloyati «sayohatlar chorrahasi»ga aylantiriladi'ning rasmi

Buxoro viloyati turizm sohasida katta salohiyatga ega. Bundan foydalanib, 2021 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 2 barobar ko`paytirish, turizm xizmatlari tushumini 350 million dollarga etkazish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokidagi yig`ilishda bu masalaga alohida to`xtalib, tegishli vazifalarni belgilab berdi. Buning uchun avvalo zamonaviy mehmonxonalar barpo etish, transport infratuzilmasini yaxshilash zarurligini ta`kidladi.

Joriy yilda Buxoro shahridagi «Buxoro-palas», «Varaxsha» va «Zarafshon» mehmonxonalari rekonstruksiya qilinib, 32 ta yangi mehmonxona, 9 ta motel va 50 ta mehmon uylari foydalanishga topshiriladi. Natijada mehmon o`rni 7 mingtaga etib, turistlarni qabul qilish imkoniyati qariyb 2 barobar ko`payadi.

G`ijduvon – Kogon yo`nalishidagi 122 kilometr yo`lni ta`mirlash, «Etti pir» ziyoratgohlari o`rtasida qulay va zamonaviy transport qatnovini yo`lga qo`yish, xalqaro halol standartini keng joriy etish bo`yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari aviaqatnovlar sonini oshirish, Samarqand, Xiva, Shahrisabz shaharlari bilan avtobus va poezdlar qatnovini ko`paytirish orqali Buxoroni «sayohatlar chorrahasi»ga aylantirish lozimligini ta`kidladi.

Shuningdek, «Buxoro tarixi» muzeyini qurish, ko`ngilochar maskanlar, hunarmandlar markazlari va Buxoroning eski shahar qismida turistlar piyoda sayr qiladigan yo`nalishlar tashkil qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar