Prezident Shavkat Mirziyoev G`ijduvon tumanidagi «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» mas`uliyati cheklangan jamiyatining ip yigiruv va to`quv korxonasini borib ko`rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qishloq xo`jaligini diversifakasiya qilish, xomashyoni yurtimizda qayta ishlashni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida ushbu korxona qurilishiga zarur sharoit yaratildi. Germaniya, Turkiya, Shveysariya va Yaponiyadan zamonaviy texnologiyalar olib kelib o`rnatildi. Joriy yil yanvarda ishga tushirilib, 350 ta ish o`rni yaratildi. Korxona yiliga 9400 tonna mahsulot ishlab chiqarish, 5 million dollarlik eksport qilish quvvatiga ega.
Bu loyihaning birinchi bosqichi bo`lib, ikkinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yanada kengaytirilishi, eksport yiliga 51 million dollarga, ish o`rinlari 1 ming 250 taga etkazilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoev korxonada ishlab chiqarish jarayonini ko`zdan kechirdi.

Shu erda Buxoro viloyatida 2019-2020 yillarda sanoat sohasida amalga oshiriladigan, shuningdek, mamlakatimizning Xitoy, Indoneziya va Isroildagi elchixonalari tomonidan taklif etilgan loyihalar taqdimoti o`tkazildi. Ularga muvofiq, viloyatda paxta, meva-sabzavot, teri, jun va kimyo mahsulotlarini qayta ishlash hajmini ko`paytirish, sanoat salohiyatini 3 barobar oshirish, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb etish rejalashtirilgan. Infratuzilmani rivojlantirish, yo`llarni ta`mirlash, ichimlik suvi tarmoqlari barpo etish loyihalari ishlab chiqilgan.
Prezidentimiz har bir loyihaning moliyaviy, tashkiliy jihatlariga alohida e`tibor qaratib, ular yuzasidan mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.









