28-30 mart kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamkorligida “Ta`lim va mutaxassislik” XX xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tmoqda.
Ko`rgazma ta`lim va bandlik yo`nalishlarida tashkil etilib, unda Amerika, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Polsha, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi 70 ga yaqin nufuzli oliy o`quv yurtlari va ularning O`zbekistondagi filiallari, 40 dan ortiq O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta`lim muassasalari, 40 dan ortiq xorijda ta`lim olishga ko`maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta`lim muassasalari hamda o`quv kurslari ishtirok etmoqda.
Dastlabki kun xalqaro ko`rgazmaning rasmiy ochilish marosimini O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Bunyodbek Gafurov va O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig`i Isomiddin Nuriddinov ochib berdi. Ular O`zbekiston va xorijiy mamlakatlar o`quv yurtlarida mavjud mutaxassisliklar bo`yicha ta`lim olishning imkoniyatlari hamda qo`shimcha hunar o`rganish yoki malaka oshirish istagida bo`lgan yoshlarga respublikamizda faoliyat olib borayotgan o`quv markazlari to`g`risida qisqacha ma`lumot berishdi.
Amerikaning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig`i Syuzanna Vud, Latviyaning O`zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Jidra Liepina, O`zbekistonda Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend ko`rgazmaning ahamiyati va unda yoshlarning ishtiroki haqida so`z yuritdi.
—Hozirda 570 nafar o`zbekistonlik talaba AQShda tahsil olmoqda. Biz ularning safini yanada kengaytirmoqchimiz. Chunki dunyoning bir qator nufuzli oliy ta`lim muassasalari aynan Amerikada joylashgan. Shu sababli, o`zbekistonlik talabalardabizning mamlakatda o`qish ishtiyoqi baland,– deydi Amerikaning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig`iSyuzanna Vud. — O`zbekistondan o`qishga borayotgan talabalar asosan, biznes, muhandislik va texnologiyalar bo`yicha tahsil olishadi. Magistratura yo`nalishida o`qimoqchi bo`lganlar ham ko`pchilikni tashkil etadi.
Shuningdek, O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarni o`rgatishga qaratilgan bepul to`garaklar va o`quv kurslarida ta`lim olish to`g`risidagi taqdimotlar umumta`lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik lisey o`quvchilari, abiturientlar hamda talabalarda katta qiziqish uyg`otdi.
– Ushbu ko`rgazmaga o`zbekistonlik yoshlarni Germaniyada ta`lim jarayonlari,ilmiy izlar olib borish va mavjud stipendiyalar bilan tanishtirish uchun tashrif buyurdik, – deydi Germaniyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakili Simon Kretchmer. —Bu ko`rgazmada bir necha yildan buyon qatnashib kelyapmiz. Ishtirokimiz davomida mazkur mamlakat yoshlarining ilm olishga qiziqishi, ertangi kuni, kelajagi uchun harakatdaligiga guvoh bo`ldim.
Tadbir doirasida bandlikka ko`maklashuvchi markazlar, yirik kompaniyalar ishtirokida “Bo`sh ish o`rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil etilib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi ham qatnashdi.
— Kechagina shu ko`rgazma haqida xabar topgandim. Bugun esa bir qancha xorijiy universitetlar haqida ma`lumotga ega bo`ldim, – deydi ko`rgazma qatnashchisi Kumush Nazarmatova. —Bu erda men uchun yaxshi imkoniyat tug`ildi. Xitoyda 1 yillik til kursida o`qiydigan bo`ldim.
Birinchi kundanoq ko`rgazmaga 3 ming nafardan ortiq yoshlar tashrif buyurdi.
Shahnoza Nurullaeva






