Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida dori-darmon vositalarining yashirin “ombor”i fosh qilindi.
Toshkent tumanining chegaradosh hududida joylashgan “G`ishtko`prik” mahallasida ayrim shaxslar o`z xonadonlaridan “yama” sifatida foydalanishga, sodda qilib aytganda tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy saqlashga imkon berib, qonunbuzilish holatlariga o`z “hissa”larini qo`shishadi.
Ana shunday shaxslardan biri, fuqaro U.Q.ning xonadoni ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganida, bu erda muqaddam kichik turkumlarda olib kelingan salkam 2 ming dona ozish uchun mo`ljallangan dori vositalari va gigienik vositalar to`plab qo`yilganligi fosh bo`ldi.
Aniqlanishicha 4 turdagi mazkur tovarlarning umumiy qiymati salkam 353 million so`mni tashkil qilar ekan.
Hozirda mazkur holat buyicha bojxona tekshiruvlari davom ettirilmokda.






