AsosiyJamiyat

Afg`oniston fuqarosi 42 dona qadimiy tangalarni kiyimiga tugma sifatida qadab, o`zbekistondan olib o`tmoqchi bo`ldi

“Ayritom” bojxona kompleksi orqali yurtimizga kirib kelayotgan Afg`oniston Islom Respublikasi fuqarosi 42 dona qadimiy tangalarni noqonuniy olib o`tishga urindi, deya xabar beradi uz24.uz nashri Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining axborot xizmati xabarlariga suyanib.

Afg`onistonlik yo`lovchining qo`l yuklari nazorat-rentgen apparatidan o`tkazilganda, kiyim-kechaklarning tugmalari odatdagi tugmalar tasviridan farqli ekanligi aniqlandi. Shundan so`ng, kiyimning tugmalari xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, ular go`yoki tugma sifatida qadab qo`yilgan, aslida esa qora bo`yoqqa bo`yalgan tarixiy kumush va mis tangalar bo`lib chiqdi. Fuqaroning egnidagi palto va shimiga qadalgan tugmalar ham noyob tangalar bo`lib chiqdi.

Surishtiruv chog`ida qoidabuzar ushbu qadimiy tangalarni o`zi istiqomat qilayotgan uyi xarobalari orasidan topib olganligini, tangalardan kiyimlariga bezak sifatida foydalanganligini bahona qilgan.

Surxondaryo viloyati badiiy ekspertiza bo`limi o`rganish xulosasiga ko`ra, mazkur 42 dona qadimgi tangalarning ba`zilari milloddan avalgi II-III asrlarga taaluqli bo`lib, Yunon-Baqtriya davlatida muomalada bo`lgan, ba`zilari esa IX-X asrlardagi Somoniylar davlatiga tegishli ekanligi aniklandi va ularning qiymati salkam 16,5 mln. so`mga baholandi. Endilikda qadimiy tanga ishqibozlari mazkur tangalarni Surxondaryo viloyati arxeologiya muzeyining numizmatika bo`limida tomosha qilishlari mumkin.

    Boshqa yangiliklar