O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Masdar City” texnoparkiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma`lum qildi.

“Masdar City” zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yutuqlari asosida bunyod etilgan innovasion shaharchadir. 600 gektarni egallagan texnopark ekologik toza hudud hisoblanib, bu erda faqatgina muqobil energiya – quyosh batareyalari va fotoelektr qurilmalaridan foydalaniladi. Hududga avtomobillar kirishi taqiqlangan. Manzillarga haydovchisiz boshqariladigan elektr transportlarida boriladi.

Tashrif chog`ida texnoparkning o`ziga xos jihatlari haqida so`zlab berildi. Aytib o`tilganidek, bu erda innovasion ishlanmalar yaratish, ulardan turli sohalarda foydalanish uchun zarur ilmiy-ijodiy muhit yaratilgan. Ko`chalarda mo``tadil iqlimni ta`minlab turadigan ventilyatorlar, favvora va havzalar barpo qilingan.
Shavkat Mirziyoev quyosh panellari ishlab chiqarish bo`yicha ilmiy izlanishlar olib boriladigan laboratoriya faoliyati bilan tanishdi. Bunday maskanlar fan-texnika yutuqlaridan unumli foydalangan holda insoniyatning atrof-muhitga ta`sirini kamaytirish, mamlakatlar o`rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim o`rin tutishi qayd etildi.


Davlatimiz rahbari Xalifa universitetida mazkur sohada ilmiy izlanish olib borayotgan o`zbekistonlik talaba qiz bilan suhbatlashdi. Bu erda olgan bilim va tajribalarini mamlakatimizda tatbiq etib, yurtimizda muqobil energetikani rivojlantirishga hissa qo`shish muhimligini ta`kidladi.






