"Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida” O`zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganiga ham bir yildan ortiq muddat o`tdi.
"Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to`g`risida" axborot olish huquqining kafolatlarini ta`minlash, mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar uchun mas`uliyatini oshirish maqsadida qabul qilingan mazkur Qonun bugungi kunda qay darajada o`z samarasini bermoqda?
Qonun doirasida tahririyatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash yo`lga qo`yilgan, ammo ana shu faoliyatimiz jarayonida mutasaddi idoralardan tegishli murojaatlarga javob olishda muammolar yuzaga kelmoqda. Aynan mana shu sababli vazirliklarda faoliyat yuritayotgan “Ishonch telefonlari” mavzusiga qaytishga qaror qildik.
Jarayonga nazar
Xo`sh, bugungi kunda vazirlik va mutasaddi tashkilotlarda fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” qanday ishlayapti? Fuqarolarimiz tomonidan ushbu telefonlarga qanchalik ishonch bildirilmoqda va ushbu ishonch qay daraada oqlanmoqda? Ushbu savollarga javob olish maqsadida ushbu vazirliklarga xat orqali murojaat qildik.
L.To`ychiev, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari:
“Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonunini to`laqonli ijrosini ta`minlash va aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordamni sifat va samaradorligini oshirish maqsadida, vazirlikning markaziy apparatida har haftada, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmalarida hamda joylarda har oyda o`tkaziladigan kengashlarda ushbu masala muhokamasi yo`lga qo`yilgan. Mazkur Qonun talablarining bajarilishini ta`minlash maqsadida vazirlik rahbariyati va mas`ul xodimlar biriktirilgan.
Shuningdek vazirlik tomonidan fuqarolarni sayyor qabul qilish kunlari belgilanib, uchrashuvlar o`tkazilmoqda. Jumladan sog`liqni saqlash vaziri va vazir o`rinbosarlari tomonidan har bir viloyatda mahalliy hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda 150 ga yaqin fuqaro qabul qilindi, ularning muammo va e`tirozlarining echimi topildi. Shuningdek Qonun talablarining ijrosi Yagona Davlat interaktiv xizmatlar portali orqali amalga oshirilishi yo`lga qo`yilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligida “Ishonch telefoni” faoliyati 2010 yildan yo`lga qo`yilgan. “Ishonch telefoni” raqami (8-371) 239-47-95.
Bir kun mobaynida telefon orqali 2 dan 5 tagacha murojaat qabul qilinadi. 2014 yilning 9 oyi mobaynida 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan va ularning aksariyati o`z echimini topgan. Murojaatlar tahlil qilinganda, aksariyati tibbiyot xodimlaridan malakali tibbiy yordam so`rab, nogironlik guruhi, dori-darmonlardan ta`minlashdaamaliy yordam so`rab va ayrim tibbiyot xodimlarining o`z vazifalariga mas`uliyatsizligi hamda ko`rsatilayotgan tibbiy yordamdan noroziligi haqida yozilgan murojaatlar tashkil etmoqda.
M.Inoyatov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari:
Vazirlikda 246-37-12 telefon raqamlari yo`lga qo`yilgan. Fuqarolarning murojaatlari dam olish kunlaridan tashqari har kuni soat 9-00 dan 17-00 gacha qabul qilinmoqda. Bir kun mobaynida 5 tadan 35 tagacha murojaatlar qabul qilinadi. Vazirlikka so`nggi 9 oy mobaynida fuqarolardan jami 836 ta murojaatlar kelib tushgan, ulardan 48 tasi qondirilgan.
Fuqarolarning murojaatlari to`g`risidagi Qonunning 18-moddasiga ko`ra fuqarolarning ariza va shikoyatlari bir oygacha bo`lgan muddat ichida, qo`shimcha o`rganish vatekshirishni talab etmaydigan ariza va shikoyatlari o`n besh kundan kechiktirmasdan ko`rib chiqish ta`minlanmoqda. Hukumatning My.gov.uz portali orqali ham murojaatlar qabul qilinmoqda. 2014 yilning 9 oyi davomida fuqarolardan jami 512 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 11 tasi qondirilgan. Vazirlikka ko`proq “o`qishga kirish”, “o`qishni boshqa ta`lim muassasasiga ko`chirish”, “diplom xaqiqiyligini tasdiqlab berish” va “ishga joylashish” yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
D. Mullajonov, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi vaziri o`rinbosari:
Vazirlikda fuqarolarning yozma va og`zaki murojaatlari to`laqonli ravishda ko`rib chiqilishi ta`minlanadi. Vazirlikka joriy yilning o`tgan davri mobaynida 389 ta fuqaro murojaati kelib tushgan, shundan 46 tasi hukumatning Yagona portal orqali kelgan. Fuqaro murojaatlaridan 21 tasi yuzasidan choralar ko`rilgan, 249 tasi bo`yicha fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borilgan, 19 ta murojaat rad etilgan, 11 tasi esa ko`rilish jarayonida. 89 ta murojaat tegishli idora va hokimiyatlarga hamda vazirlikning hududiy boshqarmalariga ko`rib chiqish uchun yuborilgan. Og`zaki murojaatlar ham vazirlik e`tiboridan chetda qolmaydi, ana shunday murojaatlar soni 143 tani tashkil etib, shundan 70 tasi ijobiy hal etilgan, 69 tasi tushuntirilgan va 4 tasi ko`rib chiqilmoqda.
Vazirlikka qilinayotgan murojaatlarning aksariyati ko`proq vazirlik tasarrufidagi o`qishlarga kirish, tiklanish, madaniyat va san`at muassasalari faoliyati, madaniy me`ros ob`ektlari, sport klublari, federasiyalari faoliyati xususidadir.\
O`zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo`jaligi vazirligi:
2010 yildan boshlab vazirlikning 241-23-73 raqamli ishonch telefoni orqali fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish yo`lga qo`yilgan. Bir kunda vazirlikka o`rtacha uchtagacha murojaat kelib tushadi.
2014 yilning 9 oyida vazirlikka 601 ta yozma murojaat kelib tushgan bo`lib, shundan 420 tasi nazoratga olingan. 133 tasi yuzasidan choralar ko`rilgan.
Vazirlik internet tarmog`ida Yagona interaktiv Davlat xizmatlari portali faoliyati yo`lga qo`yilgan bo`lib, fuqarolarning portal orqali murojaat etishlari yo`lga qo`yilgan.
Mirafzal Mirzamaxmudov, Davlat soliq qo`mitasi Navbatchi qism boshlig`i v.b.:
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan soliq to`lovchilar bilan bevosita aloqada bo`lish orqali ularning murojaatlarini o`rganib borish va yuzaga kelayotgan muammolarning echimini topishga alohida e`tibor berib kelinmoqda. Bu borada barcha davlat soliq xizmati organlarida faoliyat yuritayotgan «Ishonch telefon»lari soliq qonunchiligi buzilishi holatlari, soliq to`lovchilar hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda samarali vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda «Ishonch telefon»lariga qilinayotgan murojaatlarning aksariyati savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalarida savdo qoidalarining buzilganligi hamda to`lovlarni plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda hisob-kitob «Terminal» apparatlari ishlatilmayotganligi va shu bilan bog`liq masalalar xususidadir.
Jumladan, 2014 yil 1 oktyabr holatiga davlat soliq xizmati organlarining «Ishonch telefon»lariga qilingan fuqarolarning murojaatlari asosida o`tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 1191 ta holatda jami 127831,8 ming so`m miqdorida nazorat - kassa mashinasiga kirim qilmaslik, 695 ta tegishli hujjatlarsiz mahsulotlar sotish va xizmatlar ko`rsatish hamda 55 ta boshqa soliq qonunlarini buzish holatlari aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan jazo qo`llanildi.
Yagona interaktiv portal aholi xizmatida
Guvohi bo`lganingizdek, yuqoridagi davlat hokimiyat organlariga bo`layotgan murojaatlarning ko`p qismi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilgan. Portalda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish borasida qanday ishlar yo`lga qo`yilgan. Bu haqda bizga Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasining jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha mas`ul xodimi Shuxrat Sattorov javob beradi.
Bugunga qadar Yagona portalga 500 dan ziyod davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyatlar, jumladan shahar va tuman hokimliklari ulangan. Bu orqali fuqarolarning 63,1 mingdan ziyod murojaatlari (shikoyat, taklif va murojaat) davlat organlariga yuborilgan. Ulardan 56302 (89 %) tasiga vakolatli davlat idoralari tomonidan munosabat bildirilgan. Aholi murojaatlarining 6788 11 %) tasi ko`rib chiqish jarayonida. Portalimiz orqali yuborilgan murojaatlarga nisbatan davlat idoralarining munosabatlari aholi tomonidan 5 ballik shkalada o`rtacha 3,5 ball bilan baholangan.
Mazmuni jihatidan, yo`llangan murojaatlarning aksariyat qismi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari faoliyati, turli mavzular, kommunal xizmatlar bilan bog`liq.
Eng ko`p murojaat qilinayotgan davlat idoralari
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi eng ko`p murojaat yo`llayotgan davlat idoralari to`rtligi:
1. «O`zarxiv» agentligi;
2. IIV;
3. Adliya vazirligi;
4. Toshkent shahri hokimligi.
Yagona portalning Ma`lumotlar markazi (Call-center)ning “1060” qisqa raqami orqali shu kunga qadar 7 mingdan ziyod aholi murojaatlari qabul qilinib, Markaz operatorlari orqali aholining 1200 dan ziyod murojaatlari davlat idoralariga yo`llangan.
Laylo RUSTAMOVA tayyorladi





