Qozog`iston hukumati kam ta`minlangan ko`p bolali oilalar uchun ijara uyi qurilishi va imtiyozli kredit taqdim qilish maqsadida 100 milliard tenge ($263,8 million) yo`naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh vazirning birinchi o`rinbosari Alixan Smailov ma`lum qildi.
Smailov hukumat a`zolariga 2019 yilga mo`ljallangan respublika byudjeti loyihasini taqdim etdi. Smailovning so`zlariga qaraganda, Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev fevral oyi so`nggida bo`lib o`tgan “Nur Otan” partiyasi s`ezdida belgilab bergan ijtimoiy qo`llab-quvvatlash choralarini hayotga tatbiq etish maqsadida 444,3 milliard tenge yo`naltiriladi.
Smailovning aytishicha, shundan 100 milliard tengesi kam ta`minlangan ko`p bolali oilalar uchun ijara turar-joy binosi qurishga va Jilstroysberbank orqali imtiyozli kredit berishga ajratiladi. 224,3 milliard tenge esa ayrim toifadagi fuqarolarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirishga yo`naltiriladi.
Vazirning so`zlariga qaraganda, 90 milliard tenge mintaqa infratuzilmalarini rivojlantirishga, yana 30 milliard tenge esa qishloqni qo`llab-quvvatlovchi “Aul — El besigi” loyihasining hayotga tatbiq etishga ajratiladi.
Hukumat manzilli ijtimoiy yordam doirasida bolalar uchun nafaqalar miqdorini oshirish, onalarning ijtimoiy ko`makni kuchaytirish talabi bilan o`tkazayotgan ommaviy chiqishlari fonida kam ta`minlangan oilalar uchun uylar qurishni va`da qildi.
Qozog`iston shaharlarida onalarning chiqish qilishlariga Ostonadagi boshpanalardan birida yuz bergan yong`in oqibatida bir oilaning besh nafar qizlari halok bo`lishi sabab bo`ldi.
Xabarlarga ko`ra, vafot etgan qizlarning ota-onalari tungi smenaga ishlash uchun ketishgan edi.
O`zA






