Misr poytaxti Qohiradagi temiryo`l stansiyasida lokomotiv platformaga kelib urilishi oqibatida yonib ketdi, deya xabar berdi RIA Novosti nashri.
Olingan eng so`nggi ma`lumotlarga ko`ra, voqea oqibatida 28 kishi halok bo`lgan, 50 dan ko`proq kishi jarohat olgan. Qohira markazida joylashgan Ramzes vokzalidagi ushbu holat haqida qarama-qarshi ma`lumotlar bor. Ayrim xabarlarga qaraganda,fojiaga ikkita teplovoz mashinistlari o`rtasidagi mojaro sabab bo`lgan. Platformaga urilgan lokomotiv mashinisti uning yo`lini to`sgan boshqa teplovoz mashinisti bilan gaplashib olish uchun o`z teplovozini tark etgan. Ta`kidlanishicha, mashinist teplovozning dvigatelini ishchi holatda qoldirgan va tormozga qo`ymagan. Yana ayrim manbalar esa mashinist ichkarida bo`lganini va yong`inda halok bo`lganini ta`kidlashmoqda.






