Bugun, 20 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtab boshliqlari hamda AQSh Qurolli Kuchlari SENTKOM qo`mondoni general Jozef Votel O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, u erda kursantlar va tinglovchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o`tamiz, ertaga «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani bo`lib o`tadi. Bugun esa O`zbekiston mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev Qozog`iston hamda AQSh delegasiyasi rahbalarini qabul qildi, ular o`rtasida ikki tomonlama muzokaralar o`tkazildi.

Mehmonlar Akademiya faoliyati, mashg`ulot xonalarida tashkil etilgan zamonaviy pedagogik ta`lim tizimi, modellashtirish va simulyasiya, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, kursantlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Xorij davlatlarining oliy harbiy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, video konferensiyalarni yo`lga qo`yish bo`yicha takliflar kiritildi.

«Mamlakatlarimiz oliy harbiy ta`lim muassasalari o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, malakali kadrlarni etishtirib chiqishda barchamizga birdek manfaatli hisoblanadi. Harbiy sohada o`zaro tajriba almashish mintaqada tinchlikni ta`minlashning ustuvor vazifalaridan biridir», — deydi O`zbekiston mudofaa vaziri o`rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig`i general-mayor Azizbek Ikramov.
Shundan so`ng, Akademiya muzeyi bo`ylab sayohat uyushtirildi. U erdan o`rin olgan tarixiy eksponatlar barchada birdek qiziqish uyg`otdi. Tashrif ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarning hech biri e`tibordan chetda qolmadi.








