AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federasiyalari o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

'O`zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federasiyalari o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi'ning rasmi

O`zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi (O`ZBF) prezidenti Bahromjon Gaziev va Rossiya zamonaviy beshkurash federasiyasi (RZBF) prezidenti Vyacheslav Aminov Moskva shahridagi Olimpiya qo`mitasi binosida ikki mamlakat federasiyalari o`rtasidagi Hamkorlik memorandumini imzolashdi.

Hujjat O`zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federasiyalari tomonidan Olimpiya harakatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash, sportning axloqiy va etik qadriyatlarini asrash, sport faoliyatining barcha bosqichlarida adolatli o`yin tamoyillarini izchil qo`llashda hamkorlik qilish va har qanday ko`rinishdagi diskriminasiya, jumladan, irq, millat, jins va yoshga doir kamsitishlarni qoralashni ko`zda tutadi.

Shuningdek federasiyalar dopingga qarshi kurash bo`yicha hamkorlik qiladi, xalqaro sport maydoni va boshqa sohalarda o`z xatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi.

"Biz O`zbekistonni beshkurash oilamizning yangi a`zosi sifatida ko`rishdan xursandmiz, - dedi RZBF prezidenti Vyacheslav Aminov. - Biz O`ZBF prezidenti Bahromjon Gaziev bilan ko`plab masalalarni muhokama qildik va o`ylashimcha, beshkurash O`zbekistonda yaxshi istiqbolga ega bo`ladi. Rossiya esa ham maslahat bilan, ham amaliy jihatdan, masalan, murabbiy va sport mutaxassislari tomonidan qo`llab-quvvatlashda yordamga shay".

"Rossiya - beshkurash bo`yicha jahon etakchilaridan biri, - dedi O`zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyasi prezidenti Bahromjon Gaziev. - O`zbekistonda sportning bu turi endigina rivojlanmoqda. Beshkurash besh Olimpiya sport turi - suzish, qiliqchbozlik, konkur, yugurish va o`q uzishdan iborat ekanligi juda muhim. Shu bois beshkurashni rivojlantirar ekanmiz, u bilan bir qatorda boshqa Olimpiya sport turlarini ham rivojlantiramiz.

Biz tashkilotlarimiz o`rtasida o`zaro uzviy do`stona aloqalar o`rnatilishiga kelishib oldik. Bu qo`shma yig`ilishlar, ikki tomonlama uchrashuvlarni o`tkazish, bizning sportchi va hakamlarimizni Rossiyada bo`lib o`tadigan musobaqa hamda seminarlarga taklif qilishda o`z aksini topadi. Vaqti kelganda esa biz ham rossiyalik beshkurashchilarni O`zbekistonga taklif qilamiz. Ishonchim komilki, Rossiya va O`zbekiston zamonaviy beshkurash federasiyalari o`rtasidagi hamkorlik uzoq muddatli va o`zaro manfaatli bo`ladi".

    Boshqa yangiliklar