Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Albatta, bu yakka tartibdagi tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyat, soliqdan berilayotgan engilliklar samarasidir.
Prezidentimizning 2018 yil 26 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining 2019 yilgi makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo`ljallari to`g`risida”gi qarori bilan joriy yildan yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortishda bir qator o`zgarishlar bo`ldi.
Xususan, kalendar yilida tushumi 100 million so`mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat`iy belgilangan soliq to`lovi stavkasi avvalgidek eng kam ish haqining karrali miqdorida emas, aniq so`mlarda belgilandi.
- Yildan-yilga soliq yuki pasaytirilayotgani kichik biznes vakillarining qaddini tutib olishlari uchun ayni muddao bo`lmoqda, - deydi Andijon shahri “O`zbekiston” ko`chasida chakana savdo bilan shug`ullanuvchi Fazliddin Qoraboev. – Chakana savdo faoliyatini viloyat markazida amalga oshiruvchi tadbirkorlar o`tgan yili har oyda eng kam ish haqining besh baravari miqdorida soliq to`lashardi. Agarda bu yilga ushbu summani hisoblasak, to`lovimiz 1 million so`mdan ortib ketardi. Davlatimiz rahbarining qarori bilan, endi biz bor-yo`g`i 750 ming so`m soliq to`laymiz. Taqdim etilgan bu imkoniyatdan unumli foydalanib, faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan yoshlarga soliqdan imtiyozlar berilayotgani ularni biznesga undamoqda.
- Kollejni bitirib, tadbirkorlik faoliyatini boshlaganim uchun olti oy daromad solig`idan ozod qilingandim, - deydi “Eski shahar” hududida oziq-ovqat do`koni ochgan yosh tadbirkor Diyorbek Rahmonov. - Joriy yildan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat`iy belgilangan soliq miqdori pasaytirilgani shijoatimni yanada oshirdi. Yangi tartib bo`yicha hisoblab chiqdim: yilda 3 million so`mdan ortiq mablag` o`z ixtiyorimda qolar ekan. Shunga ko`ra, o`z tengdoshimni yollanma ishchi sifatida rasmiylashtirdim.
Ha, soliq yukidagi bunday engilliklar, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantiribgina qolmay, qo`shimcha ish o`rinlari yaratish bilan birga, biznesga yoshlar yangi loyihalari bilan kirib kelishini ham ta`minlamoqda.
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar va
huquqiy axborot sho``basi






