AsosiyJamiyat

Urganch va Xivada kichik turizm zonalari tashkil etiladi

'Urganch va Xivada kichik turizm zonalari tashkil etiladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 13.02.2019 yildagi 119-son qarori bilan 2019–2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Urganchda Shovot kanali bo`yida «Shovot» kichik turizm zonasi (bundan keyin – KTZ), Xivada esa «G`ovuk ko`l» KTZ tashkil etiladi. U erda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-sog`lomlashtirish, savdo-ko`ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo`lgan boshqa ob`ektlar quriladi. 2 oy muddatda KTZning aniq chegaralari belgilanadi.

25.10.2017 yildagi PQ–3356-son qarorga muvofiq tashkil etilgan Xorazm viloyati EIZ va KSZ ma`muriy kengashi turizm zonalarida investorlar uchun er ajratilishini ta`minlaydi.

KTZni tashkil etish va rivojlantirish ishi o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun Bosh vazir o`rinbosari, Xorazm viloyati, Urganch va Xiva hokimlari, qurilish, suv xo`jaligi, UKX va boshqa vazirlarning o`rinbosarlari tarkibida respublika ishchi guruhi tasdiqlandi.

Viloyat hokimligi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan birgalikda 2 oy muddatda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha amalga oshiriladigan qo`shimcha investisiya loyihalarining manzilli ro`yxatini shakllantirib, tasdiqlash uchun kiritadi.

Hujjatga ilovada 2019–2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar kompleksi taqdim etilgan. Ular jumlasida:

  • «Ichan-qal`a» majmuasi hududida yashayotgan tub aholini Xiva atrofida barpo etiladigan yangi ko`p qavatli uylarga bosqichma-bosqich ko`chirish. Ushbu chora tarixiy majmuaning umumbashariy bemisl ahamiyatini, «tirik muzey-shahar» maqomini saqlab qolish, aholining turmush tarzini yaxshilash, oilalarning o`ziga xos hunarmandchilik va qadimiy kasb turlari bilan shug`ullanishi uchun sharoit yaratish imkonini beradi;
  • Urganchda mahalliy (Samarqand, Buxoro, Farg`ona va Namangandan) hamda Frankfurt, Istanbul, Anqara, Izmir, Volgograd, Dehli, Fuszyandan xalqaro aviareyslarni yo`lga qo`yish;
  • Xiva temir yo`l vokzalidan «Ichan-qal`a» majmuasigacha bo`lgan ko`chadagi barpo etilayotgan ob`ektlarda hududning tarixiy-madaniy muhitiga uyg`un holda har xil ko`ngilochar maskanlar va savdo shoxobchalarini joylashtirish.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 13.02.2019 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar