Davlat xizmatlari ko`rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyundan:
- davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar istalgan joydagi Davlat xizmatlari markazlaridan (propiska va pochta manzilidan qat`i nazar) murojaat qilishga haqli;
- davlat xizmatlarini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yig`imlar va boshqa to`lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko`rsatuvchi organlarga murojaat etganda to`lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to`lanadi.
2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko`rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to`g`risida ma`lumotnomalar, soliq to`lovchining hisobga qo`yilganligi to`g`risida guvohnomalar, to`langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining ushlab qolingan summalari to`g`risida ma`lumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.
2019 yil 1 apreldan quyidagi hujjatlarni olish bo`yicha talablar bekor qilinadi:
- Eksport kontrakt ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma;
- Mol so`yishni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasi;
- Er qa`ri uchastkasidan foydalanishda buzilgan erlar qayta tiklanganligini haqida xulosa;
- Voyaga etmaganlarga mo`ljallangan dori vositalari reklama qilishga ruxsatnoma:
- Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qiladigan tadbirkorlik sub`ektlarining savdo ob`ektlari joylashuvi;
- Erlarning barcha toifalarida geologik-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa turdagi qidiruv ishlarini olib borishga ruxsatnoma.






